Sarhisob: 2025-yilda erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama etilmoqda
2025-12-25 14:00:00 / Ijtimoiy soha

Sariosiyo tuman Maktabgacha va maktab ta'limi bo‘limi tomonidan hududdagi maktab rahbarlarining 2025-yil davomida erishgan natijalari va kelgusidagi istiqbolli rejalariga oid taqdimotlari tahlil etilmoqda. Bunda maktab direktorlari tomonidan ta’lim muassasalarida amalga oshirilgan ishlar, o‘quvchilar yutuqlari, o‘qituvchilarning malakasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar hamda kelgusi yil uchun belgilangan reja va tashabbuslar batafsil yoritildi.
Bo‘lim boshlig‘i taqdimotlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirib, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish hamda o‘quvchilarning bilim ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriq va tavsiyalar berdi.
Sariosiyo tumanida ushbu tashabbus doirasida maktablar faoliyatini tizimli tahlil qilish, kamchiliklarni bartaraf etish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish bo‘yicha amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi. Mazkur uchrashuvlar orqali rahbarlar o‘rtasida tajriba almashish, yangi g‘oyalarni muhokama qilish va ta’lim jarayonini yanada takomillashtirishga xizmat qiladigan muhit yaratildi.





