Murojaat
2025-11-29 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Sariosiyo tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Xo‘jamqulov G‘ayrat Choriyevichning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tuman aholisiga yo‘llagan murojaati
Hurmatli tumandoshlar!
Ma’lumki, joriy yil 3-yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-sonli qaror imzolandi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, Sariosiyo tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan tuman hokimligi hamda tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, barqaror xavfsizlik muhitini shakllantirish borasida qator aniq va manzilli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, “Xavfsiz mahalla – osuda hayot” tamoyili asosida tumanda namunali xavfsiz ko‘cha va xavfsiz yo‘lak shakllantirildi. Ushbu hududlarda videokuzatuv vositalari, zamonaviy yoritish tizimlari va jamoat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan infratuzilma joriy etildi.
Shuningdek, jamoat tartibi va jinoyatchilikni nazorat qilish maqsadida aholining gavjum joylari, markaziy ko‘chalar va keng foydalaniladigan yo‘laklarga videokuzatuv kameralar o‘rnatildi.
Ko‘p qavatli uylar hovlilarida xavfsizlikni yanada mustahkamlash maqsadida PTZ-kamera, xabardor qilish tugmalari o‘rnatildi, xonadonlar zamonaviy domofon tizimi bilan jihozlandi.
Bugungi kunda ichki ishlar organlari oldida turgan muhim vazifalardan biri — fuqarolar bilan ochiq va ishonchli hamkorlikni yanada kuchaytirish, jamoatchilik bilan bevosita va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.
Bizning asosiy maqsadimiz — Sariosiyo tumanini jinoyatchilikdan holi, tinch va osoyishta hududga aylantirish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va kriminogen holatni barqarorlashtirishdan iborat.
Hurmatli yurtdoshlar!
Sizlarga murojaatim shundan iboratki, hozirgi kunda tez boyish niyatida har xil firibgarlar tuzog‘iga tushib qolish xavfi kuchaygan bir paytda, hushyorlik va ogohlikni yanada oshirish zarur. Dunyo miqyosida keng tarqalib borayotgan kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda har birimiz faol bo‘lishimiz lozim. Uy hayvonlari va boshqa mol-mulklaringizni qarovsiz qoldirmaslik, yaqinlaringizni va qo‘shni-qarindoshlaringizni ogohlantirish, jinoyatchilikka qarshi targ‘ibot ishlarida faol ishtirok etish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Shu bois, oila a’zolaringiz va yaqinlaringizni Ichki ishlar vazirligining rasmiy axborot kanallari va maxsus botlariga ulash orqali, internetdagi firibgarlik va kiberxavflardan muntazam xabardor qilib boring. Har qanday kiberfiribgarlik - shaxsiy ma’lumotlar yoki bank kartalaridan noqonuniy foydalanish orqali amalga oshirilayotgan jinoyatlarga qarshi jamoatchilik ongi va hushyorligini oshirishda sizning hissangiz beqiyosdir.
E’tiboringiz uchun tashakkur bildiraman!
