Xalqaro hamkorlik
2026-07-07 19:55:00 / Yangiliklar

Koreyaning K-Beauty University ta’lim assotsiatsiyasi va Qarshi axborot texnologiyalari va menejment universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yildi.
Xalqaro ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy bilim va ilg‘or tajribalarni mamlakatimiz ta’lim tizimiga joriy etish maqsadida Koreya Respublikasining K-Beauty University ta’lim assotsiatsiyasi hamda Qarshi axborot texnologiyalari va menejment universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim (Dual Education) dasturini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Mazkur kelishuv talabalarga xalqaro standartlar asosida ta’lim olish, ikki davlatning ilg‘or ta’lim tajribasini o‘zlashtirish hamda mehnat bozorida yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanish imkonini yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, bugun shahar hokimligida Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev K-Beauty University ta’lim assotsiatsiyasi vakilini qabul qilib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan muzokaralar olib bordi. Mazkur uchrashuv erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish va ta’lim sohasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.
