“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-07-02 21:45:00 / Yangiliklar

Qarshi shahri hokimligida “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Rahbar va yoshlar” mavzusida uchrashuv tashkil etildi. Unda Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev, shahar prokurori Sobirjon Temirov, ta’lim muassasalari rahbarlari, o‘qituvchilar, ota-onalar hamda bitiruvchi o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida shaharda ta’lim sohasida erishilayotgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, 2025–2026 o‘quv yilida Qarshi shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 4092 nafar o‘quvchi muvaffaqiyatli tamomladi. Ulardan 297 nafari oltin, 9 nafari kumush medal sohibi bo‘ldi.
Shuningdek, shahar yoshlarining oliy ta’lim yo‘lidagi muvaffaqiyatlari ham alohida e’tirof etildi. Jumladan, 69 nafar bitiruvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa, 192 nafar o‘quvchi muddatidan avval respublika oliy ta’lim muassasalari talabasiga aylandi. Ta’lim sifati va chet tillarini o‘rganish borasida ham yuqori natijalar qayd etildi. Xususan, shahardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 983 nafar 9–10–11-sinf o‘quvchisi ingliz tili bo‘yicha C1 va B2 darajadagi xalqaro hamda milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Tadbir davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablarini a’lo baholar va yuqori natijalar bilan tamomlagan bitiruvchilarga oltin medallar tantanali ravishda topshirildi. Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev so‘zga chiqib, yoshlarni qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan samimiy tabrikladi. Hokim mamlakat taraqqiyoti bilimli, vatanparvar va tashabbuskor yoshlar bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidlab, bitiruvchilarga kelgusi o‘qish va hayot yo‘lida ulkan zafarlar, yuksak marralar tiladi.
Tadbirda shahar prokurori Sobirjon Temirov, fidoyi o‘qituvchilar, faxrli ota-onalar va bitiruvchi yoshlar ham so‘zga chiqib, yoshlarga bildirilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik izhor etdilar hamda o‘zlarining ezgu tilaklarini bayon qildilar.









