Qarshida “Yoshlar bog‘i” foydalanishga topshirildi
2026-07-01 09:35:00 / Yangiliklar

30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan Qarshi shahrining "Cho‘lquvar" mahallasida barpo etilgan zamonaviy “Yoshlar bog‘i”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bayramona kayfiyat hukm surgan tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov, Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev, viloyat rahbarlari, faollar, keng jamoatchilik, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
«O‘ktam Mustafo qurilish savdo» MCHJ tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur bog‘ yoshlar va aholi uchun zamonaviy dam olish maskani sifatida barpo etildi. Hudud dekorativ chiroqlar bilan bezatilib, tungi paytda ham o‘ziga xos fayzli manzara kasb etadi. Bu yerda dekorativ favvoralar, qulay o‘rindiqlar, sayr yo‘laklari barpo etilgan bo‘lib, bolalar uchun o‘yin maydonchalari va sport ixlosmandlari uchun zamonaviy sport maydonlari tashkil qilingan.
Tadbir davomida viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligida bog‘ hududiga ko‘chatlar ekilib, kelajak avlod uchun yanada yashil va obod muhit yaratishga hissa qo‘shildi. Bayram munosabati bilan bolajonlarga shirinliklar va muzqaymoqlar ulashildi. Quvnoq kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha bayramona ruh bag‘ishladi.
Yangi tashkil etilgan “Yoshlar bog‘i” nafaqat yoshlar, balki mahalla aholisining ham mazmunli hordiq chiqarishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun yana bir zamonaviy va ko‘rkam maskanga aylandi.









