“Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining Qarshi shahar bosqichi o‘tkazildi
2026-06-25 18:30:00 / Yangiliklar

Qarshi shahrida “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda shaharda faoliyat yuritayotgan 60 nafar tashabbuskor tadbirkor xotin-qiz o‘z biznes loyihalari, ishlab chiqarish faoliyati va erishgan yutuqlarini namoyish etdi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, faxrli 3-o‘rin ko‘rpa va ko‘rpacha tikish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan S. Yo‘ldoshevaga nasib etdi. U milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish yo‘lida samarali mehnat qilib, 8 nafar xotin-qizni doimiy ish bilan ta’minlagan.
Faxrli 2-o‘rin milliy hunarmandchilik sohasida faoliyat olib borayotgan H. Bo‘ronovaga berildi. Tadbirkor o‘zbek xalqining boy madaniy merosini aks ettiruvchi do‘ppi va choponlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib, milliy hunarmandchilik an’analarini davom ettirib kelmoqda.
Tanlovning bosh sovrini va 1-o‘rini milliy gilamchilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan D. Rahmonovaga nasib etdi. U keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Tadbirkor rahbarlik qilayotgan korxonada milliy uslubdagi gilamlar ishlab chiqarilib, 250 nafardan ortiq fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Bu esa uning nafaqat ishlab chiqarish, balki aholi bandligini ta’minlashdagi salmoqli hissasini ko‘rsatadi.
Shuningdek, tanlov doirasida “Eng namunali ish beruvchi ayol”, “Eng faol hunarmand ayol”, “Innovatsion g‘oyalar muallifi”, “Yosh tadbirkor ayol” hamda “Mahallaning eng faol ishbilarmon ayoli” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlandi. Bundan tashqari, 12 nafar ishtirokchi faol ishtiroki uchun tashakkurnomalar bilan rag‘batlantirildi.
Mazkur tanlov xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning biznesdagi muvaffaqiyatlarini keng targ‘ib etish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotgan muhim platforma sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.






