Davlat idoralaridagi komplayens tuzilmalari himoyasi kuchaytiriladi
2026-06-25 10:50:00 / Yangiliklar

Prezident tomonidan 22-iyunda imzolangan tegishli Qonun bilan davlat idoralari va tashkilotlardagi komplayens xizmatlarining xavfsizlik kafolatlari belgilandi. 🫥 Xususan, endilikda ular tegishli tashkilot obyektlariga to‘sqinliksiz kirish, zarur axborot bilan tanishish, aniqlangan korrupsiyaviy holatlar yuzasidan taqdimnomalar kiritish vakolatiga ega bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, idoraning birinchi rahbarida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari aniqlanganda yoki jinoiy guruhga rahnamolik qilayotgan deb hisoblash uchun yetarli asos bo‘lganda, komplayens bo‘yicha o‘rinbosar yuqori turuvchi komplayens xizmati bilan kelishgan holda tegishli hujjat va ma’lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri taqdim etishi mumkinligi belgilandi.
🫥 Komplayens tuzilmalarining himoyasi ham kuchaytiriladi. Xususan, endilikda ularga nisbatan jinoyat ishi faqat Bosh prokuror tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin. Mazkur yangiliklar davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazoratning mustaqilligi va samaradorligini oshirish, shuningdek, komplayens tizimlarining ta’sirchan faoliyat yuritishi uchun qo‘shimcha huquqiy kafolatlar yaratishga xizmat qiladi.
