Qarshi shahridagi Prezident maktabida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-05-21 17:10:00 / Yangiliklar

Yoshlar kuni munosabati bilan Qarshi shahridagi Prezident maktabida yoshlar va rahbarlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Qarshi shahri prokurori Sobirjon Temirov, shahar hokimining o‘rinbosari Jonibek Egamberdiyev, shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Mahmadmurodov hamda boshqa mutasaddilar qatnashdi.
Tashrif davomida mehmonlar Prezident maktabida o‘quvchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, innovatsion ta’lim muhiti va ilg‘or o‘quv jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, robototexnika, IT hamda milliy hunarmandchilik yo‘nalishlaridagi to‘garaklarda o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan loyihalar, texnologik ishlanmalar va qo‘l mehnati mahsulotlari katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirildi.
Shundan so‘ng “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida o‘quvchi-yoshlar bilan samimiy ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida yoshlarning kelajakdagi maqsadlari, zamonaviy kasblarga bo‘lgan qiziqishi, innovatsion g‘oyalari va tashabbuslari haqida fikr almashildi. Tadbirning eng qiziqarli qismlaridan biri o‘quvchilar tomonidan yaratilgan innovatsion loyihalar taqdimoti bo‘ldi. Yosh ixtirochilar o‘z ishlanmalarining imkoniyatlari, qulayliklari va amaliy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berib, mehmonlarda katta taassurot qoldirdilar. Mazkur uchrashuv yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini rag‘batlantirish hamda kelajakda yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissini mustahkamlashga xizmat qildi.









