QARSHI SHAHRI HOKIMI NORMO‘MIN XOLBOYEVNING SHAHAR AHOLISIGA MUROJAATI
2026-05-20 14:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Muhtaram qarshiliklar, aziz ota-onalar va yoshlar!
Bugun mamlakatimizda yosh avlodning zamonaviy ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb-hunar egallashi va hayotda munosib o‘rin topishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Qarshi shahrida ham farzandlarimizning bilimli, sog‘lom va barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilmoqda.
Biz yoshlarimizning ilm olishi, sportda yutuqlarga erishishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va o‘z iste’dodini namoyon etishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etmoqdamiz. Chunki yoshlar — Yangi O‘zbekistonning tayanchi, kelajagimiz egalaridir.
Biroq bugun jamiyatimiz va ayniqsa yoshlar hayotiga jiddiy xavf solayotgan bir illat borki, unga qarshi barchamiz birgalikda kurashishimiz shart. Bu — giyohvandlik, ayniqsa sintetik narkotiklar balosidir.
Afsuski, ushbu zaharli moddalar internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali yashirin tarzda tarqatilib, sodda va ishonuvchan yoshlarni o‘z domiga tortmoqda. Giyohvandlik — bu shunchaki zararli odat emas. U oilalarni parokanda qiladigan, yosh umrlarni barbod etadigan, insonning sog‘lig‘i, kelajagi va orzularini yo‘qqa chiqaradigan og‘ir illatdir.
Shu sababli Qarshi shahrida giyohvandlikka qarshi kurashish, yoshlarimizni bu balodan asrash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda va bu borada umumxalq birdamligi nihoyatda muhimdir.
Hurmatli ota-onalar va mahalla faollari!
Farzandlaringizga mehr va e’tibor bering. Ularning qalbiga yo‘l toping, dardini tinglang, do‘st bo‘ling. Mehr va nazoratni his qilgan bola yot ta’sirlarga berilmaydi.
Farzandlaringizning internetdan foydalanishi va ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatiga befarq bo‘lmang. Ularning kimlar bilan muloqot qilayotgani, qanday guruh va kanallarga a’zo ekanidan xabardor bo‘ling.
Mahalla va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishimiz zarur. Ko‘cha va mahallalarda shubhali holatlar yoki noma’lum shaxslarni sezsangiz, darhol tegishli huquq-tartibot organlariga xabar bering. Sizning hushyorligingiz bir necha oilani og‘ir fojiadan asrab qolishi mumkin.
Aziz yoshlar!
Qarshi shahri — imkoniyatlar, ilm-fan va sport maskani. Sizlar uchun barcha eshiklar ochiq. O‘z oldingizga katta maqsadlar qo‘ying, bilim oling, sport bilan shug‘ullaning, ota-onangiz va Vatanimiz ishonchini oqlang.
Internetdagi “oson va tez daromad” va’da qiluvchi shubhali takliflarga aldanmang. Bir lahzalik qiziqish yoki noto‘g‘ri tanlov butun umringizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini unutmang.
Haqiqiy kuch — bu zararli odatlarga qarshi tura olishda, qat’iy iroda va to‘g‘ri tanlov qila bilishdadir.
Aziz yurtdoshlar!
Yoshlarni asrash — faqat hokimlik yoki huquq-tartibot idoralarining vazifasi emas. Bu har bir ota-ona, har bir mahalla va har bir fuqaroning vijdoniy burchidir.
Keling, farzandlarimizning sog‘lom va porloq kelajagi, shahrimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida birlashaylik!
