Qarshi shahrida xotin-qizlar faollari uchun seminar-trening o‘tkazildi
2026-05-12 21:35:00 / Yangiliklar

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Qarshi shahri xotin-qizlar faollari ishtirokida xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, shuningdek, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini barvaqt aniqlash masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi.Qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Shoira Sobirova ishtirokida o‘tgan seminarda xotin-qizlar va bolalar o‘rtasida jinoyatchilikka moyillikni yuzaga keltirayotgan ijtimoiy omillarni aniqlash, “xavf guruhi”ga kiruvchi oilalar va shaxslar bilan manzilli ishlash, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, psixologik, ijtimoiy hamda huquqiy yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.Shuningdek, mahallalarda davlat va jamoat institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish mexanizmlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.Seminar davomida mahallalarda ijtimoiy profilaktika ishlarini samarali tashkil etish maqsadida profilaktika inspektori, mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda tegishli soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlarni shakllantirish zarurligi ta’kidlandi. Mazkur guruhlar tomonidan mahallalar kesimida xonadonbay yurish, aholining ijtimoiy ahvoli, turmush tarzi va mavjud xavf omillarini manzilli o‘rganish tartiblari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.Bundan tashqari, xonadonbay o‘rganishlar natijasida aniqlangan xavf guruhidagi shaxslar va oilalar bilan ishlash mexanizmlari, maxsus ishlab chiqilgan so‘rovnomalar asosida oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, yashash sharoiti, daromad manbalari, mavjud muammo va ehtiyojlari hamda huquqbuzarlikka olib keluvchi omillarni aniqlash tartiblari tushuntirildi.Seminar yakunida oila pasportlarini shakllantirish, manzilli kuzatuv dasturlarini ishlab chiqish hamda profilaktika obyekti sifatida ro‘yxatga olingan xotin-qizlar bilan individual ishlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.


