QARSHI SHAHRI PROKURORI SOBIRJON TEMIROVNING SHAHAR AHOLISIGA MUROJAATI
2026-05-06 10:35:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli shahrimiz aholisi!
Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida yurtimiz taraqqiyoti yangi bosqichga ko‘tarilib, uning dastlabki samaralari bugungi kunda jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida mamlakatimiz xalqaro jinoyatchilik indeksida Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng xavfsiz mamlakat sifatida e’tirof etildi.
Ayniqsa, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamiyatda, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar zimmasiga yuklatilgan vazifa bo‘lib qolmay, balki barchamizning umumiy burchimiz ekani alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Zero, tinchlik va xavfsizlik hukmron bo‘lgan jamiyatdagina barqaror taraqqiyot ta’minlanadi. Bunday yurtning xalqaro maydondagi nufuzi ortib, investorlar va hamkorlarning ishonchi mustahkamlanadi.
Shu bois, har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish nafaqat sharafli burchimiz, balki yuksak mas’uliyat talab etuvchi muhim vazifadir.
Davlatimiz rahbari hududlardagi kriminogen vaziyatni doimiy e’tiborda tutib, yil boshida qabul qilingan ilk qarorlardan birini aynan ushbu dolzarb masalaga bag‘ishladi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizda ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan:
⏺har bir mahallaning kriminogen vaziyatidan kelib chiqqan holda “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda;
⏺148 ta kuzatuv kamerasi, 140 ta domofon tizimi va 115 ta “tashvish tugmasi” o‘rnatildi;
⏺2,4 mingdan ortiq obyektlar texnik qo‘riqlovga olindi;
⏺81 ta “namunali xavfsiz ko‘cha” va 145 ta “namunali xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi;
⏺115 ta ko‘chaga zamonaviy yoritish chiroqlari o‘rnatildi;
⏺kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan 20 ta mahallaga mas’ullar biriktirildi;
⏺profilaktika inspektorlari xulosalari asosida 1000 dan ortiq fuqarolarning muammolari ijobiy hal etildi.
Shuningdek, qaror ijrosi doirasida:
⏺21 nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy choralar ko‘rildi;
⏺vakolatli organlarga 30 ta taqdimnoma kiritildi;
⏺122 nafar shaxsga rasmiy ogohlantiruv berildi;
⏺88 ta holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilishi ta’minlandi.
Hurmatli fuqarolar!
Jinoyatchilikka qarshi kurashishda faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sa’y-harakatlari yetarli emas. Jinoyatning oldini olish uni sodir etilgandan keyin fosh etishdan ko‘ra ancha samaralidir.
Sizning ogohligingiz, faol fuqarolik pozitsiyangiz va befarq emasligingiz jamiyatimizda xavfsizlikni ta’minlashning muhim omillaridan biridir.
Agar siz shubhali holatlarga duch kelsangiz yoki jinoyat haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Hurmatli hamshaharlar!
Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz orqali shahrimizda tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlashga erishamiz.
