SHAHAR HOKIMI VA YOSHLAR MULOQOTI
2026-04-16 15:35:00 / Yangiliklar

Qarshi davlat texnika universiteti Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti faollar zalida “Rahbar va yoshlar” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Qarshi shahar hokimi hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlarining talabalar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida shahar hokimi Normo‘min Xolboyev, shahar prokurori Sobirjon Temirov, shahar IIO FMB boshlig‘i Farruh Ibrohimov, shahar soliq inspeksiyasi boshlig‘i A’zam Hamidov hamda rektor Sherzod Ne’matov mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va xorijiy tillarni o‘rganishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni alohida e’tirof etdilar.
Shuningdek, talabalar bandligini ta’minlash yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. Yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik holatlari tahlil qilinib, ularning oldini olish bo‘yicha fikrlar almashildi.
Muloqot davomida yoshlar dual ta’limni rivojlantirish, amaliyotlarni hokimlik tizimi va nufuzli korxonalarda o‘tkazish, Qarshi shahrida shaxmat bo‘yicha xalqaro turnirlarni ko‘proq tashkil etish, agroturizmni yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar. Muhim startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
Uchrashuv ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Yoshlarning faolligi va tashabbuskorligi qo‘llab-quvvatlanib, bunday muloqotlarni muntazam ravishda tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Tadbirda yosh olimlar va iqtidorli talabalarning ilmiy izlanishlari natijalari hamda hunarmandchilik to‘garagida tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil qilindi.









