Qarshida Yoshlar kuni doirasida keng qamrovli tadbirlar tashkil etildi
2026-03-06 20:45:00 / Yangiliklar

Yoshlar kuni munosabati bilan Qarshi shahrida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” doirasida qator tadbirlar tashkil etildi. Unda Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev, shahar prokurori Sobirjon Temirov, shahar IIO FMB boshlig‘i Farrux Ibragimov hamda band bo‘lmagan yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbirlar doirasida yoshlar Qarshi shahridagi “Qavali” va “Buyuk Turon” sanoat zonalarida faoliyat yuritayotgan korxonalar bilan yaqindan tanishdilar. Ular ishlab chiqarish hududlarini ko‘zdan kechirib, korxonalardagi texnologik jarayonlar, ishlab chiqarish quvvatlari hamda ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Shuningdek, yoshlarga mavjud ish o‘rinlari, ishlash shartlari va talablar haqida ma’lumot berildi. Ish tajribasi bo‘lmagan yoshlar uchun ham korxonalar tomonidan oylik maosh to‘langan holda hunar o‘rgatish tizimi yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Uchrashuv davomida “ALP TEXNO SERVIS” televizor ishlab chiqarish korxonasi rahbari 3 nafar yoshni ishga qabul qildi.
Yoshlar uchun yana bir muhim imkoniyat sifatida Qarshi shahar 3-son texnikumida yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishtirildi. Bu yerda yoshlar kasb-hunar egallash bilan birga nemis tilini o‘rganish imkoniyatiga ega. Ma’lum qilinishicha, kasb-hunar egallab, nemis tilidan B2 darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritgan yoshlar keyinchalik Germaniyada ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, texnikumda kasb-hunar va nemis tilini o‘rganish yoshlarning qiziqishiga ko‘ra bepul tashkil etilishi ham qayd etildi.
Tadbirlar doirasida Qarshi shahrida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi ham o‘tkazildi. Unda 20 dan ortiq korxona va tashkilotlar hamda tadbirkorlik subyektlari ishtirok etib, yoshlar uchun 1000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi. Yoshlar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilib, ish sharoitlari va mehnat haqi haqida ma’lumot oldilar.
Shuningdek, yoshlar bilan ochiq muloqot ham tashkil etilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi. Rahbarlar yoshlarni bilim olishga, kasb-hunar egallashga hamda yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdilar. Uchrashuv yakunida yoshlar tomonidan bildirilgan murojaat va takliflar tegishli mutasaddilar tomonidan o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.









