Polshada Qashqadaryo viloyatining investitsion salohiyati taqdim etildi
2026-02-25 22:10:00 / Yangiliklar

Qarshi shahri hokimining o‘rinbosari Z.Qorayev boshchiligidagi delegatsiya Polsha Respublikasining Quyi Sileziya voyevodligiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya Palos Marko — Quyi Sileziya voyevodligi marshali o‘rinbosari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar chog‘ida hududlar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya Quyi Sileziya voyevodligi Savdo-sanoat palatasi rahbariyati bilan ham uchrashdi. Suhbat davomida ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma korxonalar tashkil etish va investitsiyaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
“Quyi Sileziya – Qashqadaryo” biznes forumi doirasida polshalik tadbirkorlarga Qashqadaryo viloyatining investitsion salohiyati, mavjud ishlab chiqarish quvvatlari hamda istiqbolli loyihalari taqdim etildi.
Ma’lumot uchun, Polsha Yevropa mintaqasining yirik davlatlaridan biri bo‘lib, mamlakat tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Yevropa davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, Polsha savdo hajmining muhim ulushi Quyi Sileziya voyevodligi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, Quyi Sileziyada faoliyat yurituvchi Soda Pluss Sp. o.o. kompaniyasi bilan Qashqadaryo viloyati hududida muzlatkich, changyutkich va dazmol kabi maishiy texnika vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlar muhokama qilindi.
Mazkur tashrif ikki hudud o‘rtasida uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.






