Qarshi shahri delegatsiyasi Latviya Respublikasida
2026-02-24 09:00:00 / Yangiliklar

Qarshi shahri hokimining o‘rinbosari Z.Qorayev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi muhim logistika hamda savdo ko‘prigi hisoblangan Latviya Respublikasida bo‘lib turibdi. Mazkur tashrifning asosiy maqsadi – ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, Qashqadaryo viloyati sanoat salohiyatini Yevropa bozorlarida keng targ‘ib qilish hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishdan iborat.
Tashrif doirasida Qarshi shahri hokimligi hamda Latviyada faoliyat yurituvchi "Latviya-O‘zbekiston savdo uyi” rahbari Vladimir Galperin o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki hudud o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni tizimli ravishda rivojlantirish, Qashqadaryo viloyatida ishlab chiqarilgan raqobatbardosh mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiqish, eksport logistikasini takomillashtirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Latviya Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda keng qamrovli biznes-forum tashkil etildi. Forum doirasida Qashqadaryo viloyatining investitsiyaviy muhiti, xomashyo bazasi, sanoat zonalari, soliq va bojxona imtiyozlari hamda eksport imkoniyatlari haqida atroflicha taqdimot o‘tkazildi. Tadbirda elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va kimyo sanoati sohalarida faoliyat yurituvchi qator latviyalik tadbirkorlar ishtirok etdi. Latviyalik tadbirkorlar bilan B2B formatda samarali muzokaralar olib borildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha Latviyaning bir qator yetakchi kompaniyalari va tadbirkorlari Qashqadaryo viloyatiga taklif etildi. Joriy yilning 6-mart kuni ularning viloyatga amaliy tashrifi rejalashtirilgan bo‘lib, ishlab chiqarish maydonlari va investitsiya loyihalari bilan joyida tanishish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, bir qator yirik ishlab chiqarish korxonalariga xam tashrif buyurildi. Jumladan, Latviyaning “Karavela SIA” baliq konservalari ishlab chiqarish korxonasi bilan Qashqadaryo viloyati, Sechanko‘l havzasi hududida baliq mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va konserva mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ma’lumki, ushbu korxona mahsulotlari Yevropa bozorida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi va O‘zbekiston Respublikasiga ham katta hajmda import qilinadi.
Shuningdek, Latviyaning “Rīgas laku un krāsu rūpnīca” korxonasi bilan Qashqadaryo viloyatida zamonaviy lak-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Ushbu korxona 70 dan ortiq turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaradi va Yevropa standartlari asosida faoliyat yuritadi. Ichki va tashqi fasadlar uchun mo‘ljallangan yuqori sifatli mahsulotlarni mahalliylashtirish rejalashtirilmoqda.
Tashrif doirasida Latviyadagi “Latviya-O‘zbekiston savdo uyi" maydonida “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda Qashqadaryo viloyatida yetishtiriladigan va ishlab chiqariladigan 60 dan ortiq turdagi mahsulotlar namoyish etildi. Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik, sanoat va qurilish mahsulotlari Yevropa bozori talablariga mos ravishda taqdim qilindi.
Ushbu amaliy tashrif natijasida Qashqadaryo viloyati sanoat mahsulotlarini Latviya orqali Yevropa bozorlariga eksport qilish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratildi. Mazkur hamkorlik Qashqadaryo viloyati va Qarshi shahrining tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish, eksport hajmini oshirish hamda hududga xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.









