KORRUPSIYAVIY HUQUQBUZARLIKLAR UCHUN JAVOBGARLIK
2026-01-05 09:40:00 / Yangiliklar

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari qatorida, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini taʼminlash belgilangan. Bu o‘z navbatida, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar turlarini ajratish va ularni sodir etilishi uchun javobgarlikning belgilashni taqozo etdi.
E`TIBOR QARATING!
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31 dekabrdagi “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 829-sonli qarori bilan ilovaga muvofiq tasdiqlangan Nizomda korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarliklar va korrupsiyaga oid jinoyatlar ro‘yxati keltirildi.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar ijtimoiy xavfliligiga mezoniga ko‘ra ajratiladi. Shunda, ijtimoiy xavflilik mezoni qilmishning ijtimoiy xavflilik xususiyati va uning darajasida o‘z ifodasini topadi.
Chunonchi, ijtimoiy xavflilik xususiyati – alohida olingan qilmishning ijtimoiy holati bo‘lib, muayyan ijtimoiy munosabatlarni qamrab oladi va ushbu ijtimoiy munosabatlarga qarshi qaratilgan tajovuzlar, zararning tarkibi, joyi, qadriyatlar tizimida tutgan o‘rni, ayb shakli bilan bog‘liq bo‘ladi. Ijtimoiy xavflilik darajasi esa qilmishning miqdor ko‘rsatkichini aks ettirib, zararning hajmi, shuningdek, jinoyat sodir etilgan joy, vaqt, vaziyat, usul va boshqa holatlar bilan belgilanadi. Ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasidan kelib chiqqan holda aybdorning shaxsi va ish holatlarini, javobgarlikni og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olish haqidagi individual yondashuvni o‘z ichiga olgan qonun talablariga so‘zsiz rioya qilishlari kerak.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar quyidagilarga ajratiladi:
1) ma’muriy huquqbuzarliklar;
2) jinoyatlar.
Bunda, ma’muriy huquqbuzarlik deganda qonunchilikka binoan ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik tushuniladi (MJtK 10 moddasi).
Jinoyat kodeksi bilan taqiqlangan, aybli ijtimoiy xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik) jazo qo‘llash tahdidi bilan jinoyat deb topiladi (JK 14-moddasi).
Taʼkidlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 829-sonli qarori bilan ilovaga muvofiq tasdiqlangan Nizomga muvofiq, korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarliklarga quyidagilar kiradi:
nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish (MJtK 611-modda);
davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish (MJtK 1931-modda);
davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi (MJtK 1932 modda).
Korrupsiyaga oid jinoyatlarga quyidagilar kiradi:
o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (JK 167 modda 2-qismi “g”-bandi);
firibgarlik (JK 168-modda uchinchi qismi «v” bandi);
tijoratda pora evaziga og‘dirib olish (JK 1929 –modda);
nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish (JK 19210-modda);
hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish (JK 205 modda);
mansab soxtakorligi (JK 209-modda);
pora olish (JK 210-modda);
pora berish (JK 211-modda);
pora olish-berishda vositachilik qilish (JK 212-modda);
davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi (JK 214 modda).
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JK 243 modda);
hokimiyatni suiisteʼmol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi (JK 301-modda).
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31 dekabrdagi 829-sonli qarori bilan ilovaga muvofiq tasdiqlangan Nizomga asosan, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish (bir martalik pul mukofoti, tashakkurnoma yoki esdalik sovg‘a) tartibi belgilandi.
Binobarin, mazkur nizomda taʼkidlanganidek, shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin.
Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6 iyuldagi PF-6257-sonli Farmonning 6-bandiga asosan, quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish belgilandi:
- Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilash;
- korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;
- daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash jarayonida aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik o‘rnatish;
- korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazoni o‘tashda yengillashtiruvchi normalar qo‘llanilishiga cheklovlar belgilash.
