Majburiy to’lovlar
Aholini ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, Pensiya jamgʻarmasini ishonchli daromad manbalari bilan taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida quyidagi soliqlar koʻzda tutilgan:
- ijtimoiy soliq;
- ayrim toifadagi jismoniy shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq;
Ijtimoiy soliq toʻlovchilar:
- Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari;
- Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar, chet el yuridik shaxslarining vakolatxonalari va filiallari;
- soliq kodeksning 408 va 409-moddalarida nazarda tutilgan tartibga muvofiq ijtimoiy soliq toʻlaydigan jismoniy shaxslarning ayrim toifalari.
Soliq solish obyekti:
Ish beruvchining xodimlar mehnatiga haq toʻlashga doir xarajatlari ijtimoiy soliqning (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq deb yuritiladi) soliq solish obyektidir.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlash uchun chet ellik xodimlar bilan taʼminlash yuzasidan xizmatlar koʻrsatishga doir shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti boʻlgan yuridik shaxsga toʻlanadigan chet ellik xodimlarning daromadlari ham soliq solish obyektidir.
Jismoniy shaxslarning ayrim toifalari uchun ular tomonidan tadbirkorlik faoliyatini va (yoki) yakka tartibdagi mehnat faoliyatini amalga oshirish soliq solish obyektidir.
Quyidagilar soliq solish obyekti hisoblanmaydi:
- ish beruvchining xodimga mehnatda mayib boʻlganligi yoki sogʻligiga boshqacha shikast yetganligi bilan bogʻliq zararning oʻrnini qoplash tarzidagi, soliq kodeksining 369-moddasi ikkinchi qismining 10-bandida koʻrsatilgan miqdorlardan ortiqcha xarajatlari;
- paxta yigʻim-terimi boʻyicha mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslarning bu ishlarni bajarganligi uchun mehnat haqi toʻlashga doir xarajatlar.
Soliq bazasi:
Soliqni hisoblab chiqarish uchun soliq bazasi soliq kodeksning 371-moddasiga muvofiq toʻlanadigan xarajatlar summasi sifatida aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslar uchun soliqni hisoblab chiqarish maqsadida soliq bazasi ularning Oʻzbekiston Respublikasida budjet tashkilotlari xodimlari uchun ish haqi miqdorining oshishi inobatga olingan holda qayta hisoblab chiqariladigan, ular Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga ishga yuborilguniga qadar oxirgi ish joyida mehnatga haq toʻlash tarzida olgan daromadlaridan kelib chiqib aniqlanadi.
Soliq kodeksi 403-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan daromadlar boʻyicha soliqni hisoblab chiqarish uchun soliq bazasi chet ellik xodimlarga toʻlanadigan daromadlar summasi sifatida, biroq Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlash uchun chet ellik xodimlar bilan taʼminlash yuzasidan xizmatlar koʻrsatishga doir shartnoma boʻyicha xarajatlar umumiy summasining 90 foizidan kam boʻlmagan summada belgilanadi.
Soliq davri. Hisobot davri:
Kalendar yil soliq davridir.
Yil oyi hisobot davridir.
Soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisobotini taqdim etish va soliqni toʻlash tartibi:
Soliq soliq bazasidan va belgilangan soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda har oyda hisoblab chiqariladi.
Soliq ish beruvchining va ayrim toifadagi jismoniy shaxslarning mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari boʻyicha, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslar boʻyicha soliqni toʻlash majburiyati Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining zimmasiga yuklatiladi.
Soliq hisoboti soliq hisobida turilgan joydagi soliq organlariga soliq toʻlovchi tomonidan ortib boruvchi yakun bilan har oyda hisobot davridan keyingi oyning 15 kunidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha esa yillik moliyaviy hisobot topshiriladigan muddatda taqdim etiladi. Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan yil yakunlari boʻyicha soliqning hisoboti hisobot yilidan keyingi yilning 25-martiga qadar taqdim etiladi.
Soliqni toʻlash har oyda, soliq hisobotini taqdim etish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Ayrim toifadagi jismoniy shaxslar tomonidan soliqni hisoblab chiqarish va toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari:
Soliq soliq toʻlovchining kalendar oyda ishlagan kunlari sonidan qatʼi nazar:
1) yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam boʻlmagan miqdorda;
2) faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiruvchi oila aʼzolari tomonidan:
yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan oila aʼzosi tomonidan — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam boʻlmagan miqdorda;
oilaning boshqa aʼzolari tomonidan (bundan oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganlar mustasno) — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida majburiy tartibda toʻlanadi.
Mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida:
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar;
shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida band boʻlgan yoki mazkur maydonda chorvachilik (qoramol, qoʻylar, echkilar, otlar va boshqalar), issiqxona xoʻjaligi, parrandachilik (tovuqlar, bedanalar, kurkalar, gʻozlar, oʻrdaklar), quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bogʻdorchilik, limonchilik, gulchilik bilan shugʻullanayotgan shaxsiy tomorqa yer uchastkalarining egalari yoki ularning oila aʼzolari boʻlgan fuqarolar tomonidan (ularga tegishli tomorqa yer uchastkasining maydonidan yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qatʼi nazar);
dehqon xoʻjaligining aʼzolari (bundan dehqon xoʻjaligi boshligʻi mustasno) va dehqon xoʻjaligida band boʻlgan jismoniy shaxslar;
mehnat shartnomasi asosida chet elda yollanib ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari va boshqa tashkilotlari tomonidan chet davlatlarda tashkil etilgan (ochilgan) savdo uylarida, vakolatxonalarda (shu jumladan yuridik shaxs tashkil etmasdan), tashkilotlarda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
ishlamaydigan eri (xotini) uchun soliq toʻlovini amalga oshiruvchi ishlayotgan fuqarolar tomonidan ixtiyoriy tartibda soliq toʻlanadi.
Mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida:
“Hunarmand” uyushmasining aʼzosi boʻlgan hunarmandchilik faoliyati subyektlari;
“Usta-shogird” maktablari oʻquvchilari — ular yigirma besh yoshga toʻlguniga qadar ishlagan davrda;
dehqon xoʻjaligi boshligʻi;
yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar tomonidan majburiy tartibda soliq toʻlanadi.
Yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchi hunarmandchilik faoliyati subyektlari boʻlgan “Hunarmand” uyushmasining aʼzolari soliq toʻlashdan ozod etiladi, ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan, yoshga doir pensiya olish huquqiga ega boʻlgan qolgan shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun esa soliq miqdori uning belgilangan eng kam miqdorining kamida 50 foizini tashkil etishi kerak. Mazkur imtiyozlar pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining maʼlumotnomasi asosida beriladi. Imtiyozlarga boʻlgan huquq kalendar yil davomida vujudga kelgan yoki tugatilgan taqdirda, soliqni qayta hisob-kitob qilish ushbu huquq yuzaga kelgan yoki tugatilgan oydan eʼtiboran amalga oshiriladi.
Soliqni toʻlash quyidagicha amalga oshiriladi:
yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — har oyda tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilgan oyning oʻn beshinchi kunidan kechiktirmay;
faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiruvchi oila aʼzolari hamda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan — hisobot yilining 31-dekabrigacha amalga oshiriladi. Bunda soliqning miqdori toʻlov kunida belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Yangi roʻyxatdan oʻtgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshiruvchi oila aʼzolari tomonidan soliqni toʻlash ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan oydan keyingi oydan eʼtiboran amalga oshiriladi.
Soliqni toʻlash majburiyati:
yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshirayotgan oila aʼzolari uchun — oilaviy tadbirkorlik subyekti nomidan ish yuritadigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan oila aʼzosining;
yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun — ushbu xodimlar bilan mehnat shartnomasini tuzgan yakka tartibdagi tadbirkorning zimmasiga yuklatiladi.
Toʻlov topshiriqnomasida (kirim orderida) soliq toʻlovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, identifikatsiya raqami va toʻlov kiritilayotgan davr koʻrsatilishi shart. Bunda oila aʼzolari — oilaviy tadbirkorlik ishtirokchilari va xodim yollagan yakka tartibdagi tadbirkorlar boʻyicha toʻlov topshiriqnomasi (kirim orderi) har bir oila aʼzosi uchun va yakka tartibdagi tadbirkorning har bir yollangan xodimi uchun alohida-alohida yoziladi. Agar toʻlov topshiriqnomasida (kirim orderida) davr koʻrsatilmagan boʻlsa, toʻlov u amalga oshirilayotgan oy (dehqon xoʻjaliklari aʼzolari va dehqon xoʻjaligida band boʻlgan jismoniy shaxslar, shuningdek ushbu modda uchinchi qismining beshinchi xatboshisida koʻrsatilgan jismoniy shaxslar uchun — yil) uchun toʻlangan deb hisoblanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati vaqtinchalik toʻxtatib turilganligi toʻgʻrisida soliq organlari tomonidan olingan axborot yakka tartibdagi tadbirkor oʻz faoliyatini amalga oshirmaydigan davr uchun soliqni hisoblashni toʻxtatib turish uchun asos boʻladi.
Soliq organlari tomonidan olingan, har bir yollangan xodim uchun belgilangan tartibda berilgan hisobga olish kartochkalari yakka tartibdagi tadbirkor oʻz faoliyatini amalga oshirmaydigan davr uchun yakka tartibdagi tadbirkorning har bir xodimiga soliqni hisoblashni toʻxtatib turish uchun asos boʻladi.
Agar faoliyatini toʻxtatib turgan yakka tartibdagi tadbirkor yakka tartibdagi tadbirkorning har bir xodimi uchun hisobga olish kartochkasini soliq organiga belgilangan muddatlarda topshirmasa, yakka tartibdagi tadbirkorning majburiyatlari boʻyicha soliqni hisoblash toʻxtatilmaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida, uchinchi qismi beshinchi xatboshisida Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar soliqni Soliq kodeksning 405-moddasida koʻrsatilgan soliq stavkalari boʻyicha jami yillik daromad toʻgʻrisida deklaratsiyada koʻrsatilgan mehnatga haq toʻlash tarzida olingan daromadlar summasidan kelib chiqib, biroq Soliq qodeksining 408 moddasida belgilangan uning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan holda, soliqni ixtiyoriy ravishda toʻlash haqida jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish bilan bir vaqtda beriladigan ariza asosida toʻlashga haqli.
Ixtiyoriy ravishda soliqni hisoblab chiqarish va toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari:
Qonunchilikka muvofiq soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslar soliqni jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyada koʻrsatilgan mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar summasidan kelib chiqqan holda, soliqni ixtiyoriy ravishda toʻlash haqida jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish bilan bir vaqtda beriladigan ariza asosida ixtiyoriy asosda toʻlaydi.
Yuqorida koʻrsatilgan shaxslar tomonidan soliqni toʻlash jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya maʼlumotlari boʻyicha soliq organlari tomonidan hisoblab chiqariladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash muddatlarida amalga oshiriladi.
