O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar
O‘zini o‘zi band qilgan shaxsni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi:
- o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud davlat soliq xizmati organiga kelgan holda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Bunda so‘rovnoma o‘zini o‘zi band qilgan shaxs tomonidan maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali elektron shaklda mustaqil ravishda, davlat soliq xizmati organiga kelganda esa soliq organi xodimi tomonidan to‘ldiriladi.
- o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat soliq xizmati organlaridan ro‘yxatdan o‘tish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
So‘rovnomada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
- o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, ro‘yxatdan o‘tkazish elektron raqamli imzo orqali amalga oshirilgan holatlar bundan mustasno;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 8 iyundagi PQ-4742-son qaroriga ilova bilan tasdiqlangan O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari;
- o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini yuritishning mo‘ljallanayotgan manzili;
- o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning mobil telefon raqami va u bilan bog‘lanish mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar.
So‘rovnomada o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, pasport (ID-karta) seriyasi va raqami, yashash manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazalarida mavjud ma’lumotlar asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar mehnat faoliyatini amalga oshiradigan hudud bo‘yicha davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yiladi.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan namunaviy shaklda maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida matritsali shtrix kodga (QR-kod) ega bo‘lgan ma’lumotnoma (keyingi o‘rinlarda — ma’lumotnoma) yuboriladi.
Bunda ma’lumotnoma davlat tilida rasmiylashtiriladi. Shaxsning xohishiga ko‘ra ma’lumotnoma rus va ingliz tillarida yoki imkon bo‘lsa, boshqa tilda rasmiylashtirilishi mumkin.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ma’lumotnomani maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali yuklab olishlari yoxud davlat soliq xizmati organiga kelgan holda qog‘oz shaklida ham olishlari mumkin.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ma’lumotnoma cheklanmagan muddatga beriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda haq undirilmaydi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan mehnat staji hisoblanishi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lanadi.
Ushbu summa to‘lig‘icha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va undan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.
Agar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs o‘z mehnat faoliyatini to‘xtatsa, u o‘z faoliyatini to‘xtatguniga qadar davlat soliq xizmati organiga faoliyatni to‘xtatish to‘g‘risidagi bildirishnomani maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali yuboradi.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan olingan o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma o‘zini o‘zi band qilgan shaxs mehnat faoliyatini amalga oshirmaydigan davrda ijtimoiy soliqni to‘lashni to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar maxsus mobil ilova orqali quyidagi imkoniyatlardan foydalanishi mumkin:
- buyurtmalarni va ko‘rsatilgan xizmatlar (tovarlar) uchun to‘lovlarni qabul qilish;
- yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatishda (tovarlarni sotishda) elektron hisob-kitob fakturalarni taqdim qilish;
- mobil ilova yordamida ixtiyoriy asosda daromadlar va xarajatlar hisobini yuritish hamda ushbu ma’lumotlardan keyinchalik, shu jumladan, kredit olish va (yoki) soliqlarni hisobdan chiqarish maqsadida foydalanish;
- o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) reklama qilish;
- ko‘rsatilayotgan xizmatlar (tovarlar) sifatini baholash va iste’molchilar tomonidan fikr-mulohazalar bildirilishi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat-kassa texnikasi va bank plastik kartochkalari orqali hisob-kitoblar bo‘yicha to‘lov terminallaridan foydalanadi hamda tijorat banklarida hisobvaraqlari ochishi mumkin.
Maxsus mobil ilova orqali daromadlar va xarajatlar hisobini yuritayotgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga tijorat banklari tomonidan kreditlar yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib asosida beriladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxati
1. Bolalarga qarab turish va ularni parvarish qilish boʻyicha jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan xizmatlar.
2. Oilaviy bolalar uyini tashkil etish va faoliyatini yuritish.
3. Bemorlar hamda doimiy ravishda oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksa kishilarga qarab turish va ularni parvarish qilish boʻyicha jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan xizmatlar.
4. Uy xoʻjaligini yuritish va uy ishlarini bajarish, shu jumladan, turar joylarni tozalash, ovqat pishirish boʻyicha uy xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatish.
5. Jismoniy shaxslarning santexnika uskunalarini mayda taʼmirlash va oʻrnatish.
6. Jismoniy shaxslarga kvartira ichida (shaxsiy qurilish ishlarida — uy ichida) elektr montaj xizmatlari koʻrsatish (elektr xavfsizligi boʻyicha ruxsati boʻlganda).
7. Dehqon xoʻjaliklari va fuqarolarning tomorqa yer uchastkalarida yer chopish va rekultivatsiya ishlari.
8. Fermer xoʻjaliklari egalari, pilla yetishtirish va ipak qurti urugʻchiligi tashkilotlari buyurtmasi boʻyicha qishloq xoʻjaligi ishlari (qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari, ipak qurtini va hayvonlarni parvarish qilish, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini yigʻish, tut koʻchatlarini ekish va boshqa qishloq xoʻjaligi ishlari).
9. Fuqarolarning dala-hovli va tomorqa uchastkalari landshaftini barpo etish ishlari.
10. Qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini ekish va parvarish qilishda, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini yigʻib olishda dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalari egalariga yordam berish.
11. Chorva mollarini oʻtlatish, ularni parvarish qilish, shu jumladan, urugʻlantirish, qoʻzilatish, qirqish va dagʻal xashak jamgʻarish ishlari.
12. Jismoniy shaxslarga kompyuterlarni taʼmirlash va sozlash xizmatlarini koʻrsatish, litsenziyalangan dasturiy taʼminot oʻrnatish ishlari.
13. Buyurtmachining uyida bajariladigan maishiy texnikani oʻrnatish va taʼmirlash.
14. Jismoniy shaxslarning avtomobillarini yuvish, avtomobillar kuzovlarini silliqlash.
15. Mexanizatsiya vositalarini qoʻllamay, uyda bajariladigan yuk ortish-yuk tushirish ishlari.
16. Xalq tabobati (litsenziyasi boʻlganda).
17. Xususiy shaxslarga bosh xizmatkor va konsyerj xizmatlarini koʻrsatish.
18. Buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish (yuk tashish bundan mustasno).
19. Bozorlar va savdo komplekslarida mayda yuklarni aravalarda tashish.
20. Ilgari foydalanilgan tovarlarni sotib olish va sotish.
21. Velosipedlarni taʼmirlash.
22. Rassomlik.
23. Aholining yakka tartibdagi buyurtmalari boʻyicha poyabzal tikish, poyabzalni taʼmirlash, boʻyash va tozalash.
24. Kalitlar tayyorlash.
25. Oʻlchov vositalari tayyorlash va ijaraga berish.
26. Kesuvchi buyumlar va asboblarni charxlash.
27. Musiqa asboblarini taʼmirlash va sozlash.
28. Milliy non va patirlarni tayyorlash va sotish.
29. Tulumni shishirish xizmatlari (taksidermik ishlar).
30. Namoyishlarda kiyimlar modelini namoyish qilish, rasmli jurnallarda, reklama filmlari va video kliplarda suratga tushish.
31. Multimedia, dizayn va sanʼat materiallarini yaratish va ishlov berish (veb-dizayner, grafika dizayneri, kompyuter oʻyinlari dizayneri, interyer dizayneri, landshaft dizayneri, liboslar dizayneri, retusher, fotokollajchi, vektor grafikasi muharriri, arxitektor, vizuallashtiruvchi dizayner, maʼlumot dizayneri, interfeys dizayneri, texnik dizayner, moushn-dizayner, banner yasovchi, nashriyot dizayneri, flesher, 3D-dizayner, videomuharrir, videooperator, bastakor, ovoz rejissyori, aranjirovkachi, suxandon, fotomuharrir va boshqalar).
32. Dasturiy taʼminot, axborot tizimlari, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish va texnik qoʻllab-quvvatlash (dasturchi, dasturiy taʼminotni sinovchi mutaxassis, veb-sahifalarni sahifalovchi, veb-tahlilchi, veb-saytlarni optimizatsiyalash boʻyicha mutaxassis).
33. Elektron savdo maydonchasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) chakana sotish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish.
34. Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat (PR-menedjer, internet-marketolog, ijtimoiy tarmoqlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ilgari surish va reklama qilish (SMM), ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori, akkaunt-menejer, marketolog, link-menejer, targetolog, kontekst-reklama boʻyicha mutaxassis, direktolog, media rejalashtiruvchi, SMO mutaxassisi).
35. Kadrlar tanlash sohasidagi faoliyat (internet-loyihalar bilan ishlovchi menejer, frilanserlar guruhi rahbari, NR-menejer, rekruter, shaxsiy assistent).
36. Onlayn konsultatsiya berish (onlayn-konsultant, onlayn-trener, moliyaviy maslahatchi, vebinar olib boruvchi).
37. Nomoddiy madaniy meros obyektlarini (dorboz, askiya va lapar) asrash va ulardan foydalanish (madaniyat markazlari tarkibida faoliyat yuritayotgan shaxslar bundan mustasno).
38. Uy sharoitida xonaki tovuqlarni yetishtirish va koʻpaytirish.
39. Hamshiralik ishi.
40. Uy hayvonlari (qoramol, qoʻy, echki, ot va boshqalar) bozorlarida vositachilik xizmati.
41. Avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati.
42. Uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati.
43. Gips va ganchdan buyumlar yasash (uy jihozlari, ertak qahramonlari haykallarini yasash).
44. Tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash.
45. Yogʻoch mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni toʻqish.
46. Uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va koʻchatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam toʻqish va sotish.
47. Kulolchilik.
48. Kibersport faoliyati.
49. “Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligining stipendiyasi” tayinlangan sportchilar faoliyati.
50. Teri xomashyosini yigʻish va tayyorlash.
51. Junni yigʻish va tayyorlash.
52. Qayta ishlangan jundan kiyimlar va boshqa buyumlar toʻqish.
53. Uy sharoitida loydan tandir tayyorlash.
54. Atlas va adras toʻqish.
55. Mayda munchoq (biser) tikish.
56. Doʻppidoʻzlik mahsulotlarini uy sharoitida tayyorlash.
57. Temirchilik mahsulotlarini uy sharoitida tayyorlash.
58. Asalarichilik, shuningdek, asalari uyasi va ramkalarini yasash.
59. Quroqchilik usulida koʻylak, koʻrpa va yopinchiqlar tikish.
60. Qoʻziqorinlarni terish, uy sharoitlarida yetishtirish va sotish.
61. Pichoq tayyorlash, charxlash va sotish.
62. Qogʻozdan qutilar, banderollar tayyorlash.
63. Uy sharoitida issiqxona mahsulotlarini yetishtirish.
64. Tayyor mahsulotga etiketka biriktirish.
65. Uy sharoitida bolalar oʻyinchogʻi ishlab chiqarish.
66. Uy sharoitida supurgi yetishtirish va tayyorlash.
67. Yassi oyoqli bolalar oyoq kiyimlarini tayyorlash.
68. Milliy taqinchoqlar yasash.
69. Kandakorlik, miskarlik buyumlarini uy sharoitida tayyorlash.
70. Dagʻal jundan gilam, koʻrpa va yostiq tayyorlash.
71. Artemiya sistalarini yigʻish va topshirish.
72. Yengil avtotransport vositasida yoʻlovchilarni shahar, shahar atrofi va shaharlararo tashish (litsenziya varaqasi boʻlganda).
