Pensiyalarni tayinlash muddatlari
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida” Qonunining 7-moddasida nazarda tutilgan pensiya yoshiga toʻlgan fuqarolarga yoshga doir pensiya ulardan murojaat talab etilmagan holda (proaktiv shaklda) tayinlanadi. Bunda fuqaroning yoshga doir pensiyaga boʻlgan huquqi ushbu Qonunda belgilangan shartlar va normalarga muvofiq axborot tizimlaridan olingan maʼlumotlarga asosan aniqlanadi. Fuqaroning pensiyaga boʻlgan huquqini aniqlashda pensiyaning miqdori hisob-kitob qilinadi va pensiya tayinlanadi.
Agar fuqaro uning murojaatisiz (proaktiv shaklda) tayinlangan pensiya miqdoridan norozi boʻlsa yoki mehnat faoliyatini davom ettirish va keyinchalik yoshga doir pensiyaga chiqish istagini bildirsa, u tayinlangan yoshga doir pensiyani rad etish huquqiga ega. Bunda fuqaro xabarnomani olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga ariza bilan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazi yoki Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali soʻrovnoma toʻldirilgan holda murojaat qilishi kerak.
Fuqaroning murojaatini talab etmagan holda (proaktiv shaklda) pensiya tayinlashning imkoni boʻlmagan hollarda, pensiya fuqaroning murojaatiga asosan tayinlanadi.
Pensiyalar tayinlash muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolarning Davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisidagi Qonunning 47-moddasiga asosan:
a) yoshga doir pensiya — agar pensiya olish huquqi paydo boʻlgan kundan boshlab oltmish kun ichida uni soʻrab murojaat etilgan boʻlsa, pensiya yoshiga toʻlgan kundan eʼtiboran tayinlanadi. Ushbu pensiya umrbod tayinlanadi;
b) nogironlik pensiyasi — agar nogironlik belgilangan kundan eʼtiboran oltmish kundan kechiktirmay pensiya soʻrab murojaat etilgan boʻlsa, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari nogironlikni belgilagan kundan eʼtiboran tayinlanadi. Ushbu pensiya butun nogironlik davri uchun tayinlanadi. Nogironligi boʻlgan 60 yoshdan oshgan erkaklarga va 55 yoshdan oshgan ayollarga — nogironlik pensiyalari umrbod tayinlanadi. Ushbu nogironligi boʻlgan shaxslarni qayta tibbiy koʻrikdan oʻtkazish faqat ularning arizasiga binoan amalga oshiriladi;
v) boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi — pensiya olish huquqi paydo boʻlgan kundan boshlab, lekin pensiya tayinlanishi uchun murojaat etishdan oldingi 6 oydan oshmagan muddatdan eʼtiboran tayinlanadi. Pensiya ushbu Qonunning 19-moddasiga muvofiq marhumning oila aʼzosi mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblangan butun davr uchun, oilaning: erkaklar — 60 yoshga, ayollar — 55 yoshga toʻlgan aʼzolari uchun esa — umrbod tayinlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi va tarqalishi munosabati bilan cheklovchi choralar (karantin) joriy etilganda, agar fuqarolar cheklovchi choralar (karantin) davrida yoki ular tugatilgandan keyin pensiya tayinlashni soʻrab bir oy ichida murojaat qilgan boʻlsa, ularga pensiya uni olish huquqi yuzaga kelgan kundan eʼtiboran tayinlanadi.
Boshqa barcha hollarda pensiya murojaat etilgan kundan eʼtiboran tayinlanadi.
Ushbu Qonun 431-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda, pensiya pensiya yoshiga yetgan kundan eʼtiboran tayinlanadi. Ushbu Qonunning 431-moddasiga asosan tayinlangan pensiyani rad etgan fuqaro pensiya tayinlashni soʻrab takroran murojaat qilganda pensiya tayinlash muddati ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda belgilanadi.
Bir pensiyadan boshqasiga oʻtkazish pensioner tegishli ariza va barcha zarur hujjatlar bilan murojaat etgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan eʼtiboran amalga oshiriladi.
Bir pensiyadan boshqasiga oʻtkazish pensioner tegishli ariza va barcha zarur hujjatlar bilan murojaat etgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan eʼtiboran amalga oshiriladi.
