Pensiyalarni hisoblash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuni (03.09.1993-yildagi 938-XII-son)ning 37-moddasiga asosan pensiyani hisoblash quyidagicha amalga oshiriladi.
37-modda. Ish stajiga qoʻshib hisoblanadigan mehnat faoliyati turlari.
Quyidagilar ish stajiga qoʻshib hisoblanadi:
a) 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — faoliyat turi, mulk va xoʻjalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sugʻurtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlagan boʻlsa;
2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — xodim tomonidan bajarilgan har qanday ish, basharti mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar hisoblangan boʻlsa, shuningdek jismoniy shaxsning 2021-yil 1-iyundan keyingi ishlamagan davri uchun uning eri (xotini) mehnatga haq toʻlash tarzidagi oʻz daromadlaridan ixtiyoriy asosda ijtimoiy soliq toʻlagan davr;
1965-yildan keyingi davr uchun jamoa xoʻjaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xoʻjaligi aʼzosi uzrsiz sabablarga koʻra jamoa xoʻjaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan boʻlsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi.
Ijodiy faoliyat bilan mashgʻul xodimlarning ish stajini, basharti ular Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlagan boʻlsalar, ijodiy uyushmalarning boshqaruvlari ana shu muallifning asari eʼlon qilingan yoki birinchi marta jamoat oldida ijro yoki namoyish etilgan kundan eʼtiboran belgilaydilar;
b) harbiy xizmat va partizan otryadlari hamda qoʻshilmalarida boʻlish, davlat xavfsizligi organlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida va ichki ishlar organlarida xizmat qilish;
v) idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, harbiylashtirilgan qoʻriqlashdagi, maxsus aloqa organlari va togʻ-kon-qutqaruv qismlaridagi xizmat;
g) yakka tartibdagi mehnat va oilaviy tadbirkorlik faoliyati, shu jumladan shaxsiy yordamchi xoʻjalikdagi va yuridik shaxs tashkil etilmagan holdagi dehqon xoʻjaligidagi faoliyat:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlangan taqdirda;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun — yagona ijtimoiy toʻlov toʻlangan taqdirda;
2020-yil 1-yanvardan — ijtimoiy soliq toʻlangan taqdirda.
d) I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha boʻlgan, nogironligi bor bolaga, shuningdek oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan keksalarga qarab turilgan vaqt;
ye) oliy taʼlim muassasalarida, aspiranturada, stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutida, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida, tayanch doktoranturada, doktoranturada va klinik ordinaturada kunduzgi oʻqish, shu jumladan chet elda oʻqish;
j) bola 3 yoshga toʻlguncha bolani parvarishlash taʼtillarida boʻlish vaqti, lekin hammasini jamlaganda koʻpi bilan 6 yil;
z) ofitserlar tarkibidan boʻlgan shaxslarning, praporshchiklarning, michmanlarning va muddatdan tashqari xizmat harbiy xizmatchilarining xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati boʻlmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqt, lekin 10 yildan oshmagan davr;
i) Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning xotini (eri) chet elda boʻlgan, lekin 10 yildan oshmagan davr;
k) ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni oʻtash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq toʻlangan boʻlsa.
Mazkur moddaning “d” — “i” bandlarida nazarda tutilgan davrlar ushbu modda birinchi qismining “a” — “g” va “k” bandlarida koʻrsatib oʻtilgan umumiy ish staji kamida 7 yil boʻlgan taqdirda ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.
Nogironligi boʻlgan shaxs deb topilgan fuqarolar stajiga “d” — “i” bandlarda nazarda tutilgan davrlar ushbu modda birinchi qismining “a” — “g” va “k” bandlarida koʻrsatib oʻtilgan staj muddatidan qatʼi nazar qoʻshiladi.
Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatida I va II guruh nogironligida boʻlingan vaqt yoshga doir yoki boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qoʻshib hisoblanadi.
I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.
Yoshga doir pensiya tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt pensiyani hisoblab chiqarish uchun stajga qoʻshib hisoblanmaydi.
Ota-onasidan judo boʻlgan (chin yetim) bolalarga tayinlanadigan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyalarini hisoblab chiqarish ham ota, ham onaning umumiy ish stajiga qarab, ushbu Qonunning 27-moddasi “g” bandida koʻrsatib oʻtilgan miqdorlarda amalga oshiriladi.
