Pensiya tizimi bosqichma-bosqich toʻliq raqamlashtiriladi
2025-06-28 18:40:00 / Jamg'arma yangiliklari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi hamda budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan zamonaviy xizmatlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmoni imzolandi.
PF-105-son. 26.06.2025
Unga koʻra, 2026-yil 1-dekabrdan boshlab:
- fuqarolarning mavjud ish staji va ish haqlari toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlarga asosan pensiya miqdorlarini oldindan aniqlash boʻyicha "Mening pensiyam" onlayn xizmati joriy etiladi;
- pensiya taʼminotiga oid barcha xizmatlar toʻliq proaktiv, elektron hamda interaktiv shaklga oʻtkaziladi.
Pensiyaga oid maʼlumotlarni toʻliq raqamlashtirish maqsadida:
- 2025-yil 1-oktabrga qadar Majburiy ijro byurosi tomonidan majburiy ijro jarayonida undiruvni pensiya toʻlovlariga qaratishdan avval dastlab fuqarolarni xabardor qilish tizimi joriy etiladi.
- 2025-yil 1-noyabrga qadar Mudofaa vazirligi tomonidan mudofaa ishlari organlarida roʻyxatda turgan va pensiya tayinlanayotgan fuqarolarning harbiy xizmatni oʻtagan davri toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni "Raqamli hukumat" tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali Pensiya jamgʻarmasi axborot tizimiga taqdim etish boʻyicha integratsiya qilish choralari koʻriladi;
- 2025-yil iyul-oktabr oylari davomida hokim yordamchilari har bir mahalladagi "mahalla yettiligi" bilan birgalikda fuqarolarning mehnat daftarchasi maʼlumotlarini kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari orqali raqamlashtirish boʻyicha targʻibot ishlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-avgustga qadar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan:
- fuqarolarning oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish davri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq raqamlashtiriladi;
- davlat xizmatlari markazlari orqali fuqarolarning oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish davri toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni vazirlikning elektron bazasiga yuborish imkoniyati yaratiladi.
