RASMIY MUNOSABAT
2025-06-26 12:05:00 / Jamg'arma yangiliklari
Ijtimoiy tarmoqlarda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga asoslanib, Oʻzbekistonda pensiya yoshi oshirilishi haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Ushbu maʼlumotlar keng jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab boʻlayotganini inobatga olib, Pensiya jamgʻarmasi quyidagilarni maʼlum qiladi:
Pensiya islohotlarining maqsadi va jarayoni
Hozirda Oʻzbekistonda pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganish, tahlil qilish va takliflar ishlab chiqish bosqichida turibdi.
Vazirlar Mahkamasining Qarori (VMQ-600-son) asosida amaldagi davlat pensiya taʼminoti tizimida mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ilgʻor xorijiy tajriba asosida pensiya taʼminoti tizimining barqarorligini taʼminlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlash boʻyicha Ishchi guruhi tuzilgan. Ishchi guruhga Davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasiga takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.
Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham mahalliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda ushbu Konsepsiya loyihasi boʻyicha takliflar ishlab chiqish belgilangan.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2024 yil dekabr oyida XVJ, Jahon banki, OTB, XMT ishtirokida Toshkent shahrida xalqaro seminar tashkil etilib, unda pensiya islohotlarining asosiy yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Joriy yilning 1-mayida Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari bilan uchrashuv oʻtkazilib, ishlab chiqilgan takliflar yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, pensiya tizimini aktuar baholash imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
12-may kuni Xalqaro maslahatchilar kengashi bilan uchrashuv oʻtkazilib, unda Kengash tomonidan pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi uchun taqdim etilgan tavsiyalar muhokama qilindi.
Shuningdek, 10-11-iyun kunlari Xalqaro pensiya va ijtimoiy jamgʻarmalar uyushmasi eksperti ishtirokida pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha tayyorlangan takliflar batafsil tahlil qilindi.
Davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi boʻyicha takliflarda quyidagi asosiy vazifalarga eʼtibor qaratilmoqda:
- fuqarolarning pensiya bilan qamrovini oshirish;
- ijtimoiy adolatni mustahkamlash;
- keksalikda munosib pensiya bilan taʼminlash;
- umr koʻrish davomiyligini hisobga olish;
- Pensiya jamgʻarmasi budjetini balanslashtirish;
- aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash.
Xalqaro ekspertlarning tavsiyalari nimalardan iborat?
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan hujjatlar – bu xalqaro tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston hukumati uchun tayyorlangan tavsiya va maslahatlar toʻplamidir. Bu tavsiyalar yakuniy qaror emas, balki islohot yoʻnalishlarini belgilashda oʻrganilayotgan variantlardan biridir.
1. XVJ, Jahon banki, OTB, XMTning umumiy tavsiyalari pensiya yoshini oshirish, ijtimoiy soliq boʻyicha imtiyozlar va muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibini bekor qilish, amaldagi eng yuqori 5 yillik ish haqidan pensiya hisoblash tartibi oʻrniga butun mehnat faoliyati davomidagi oʻrtacha ish haqidan kelib chiqib hisoblashga oʻtish, ijtimoiy badallar stavkalarini qayta koʻrib chiqish masalalariga bagʻishlangan.
2. Xalqaro maslahatchilar kengashi Oʻzbekistondagi demografik oʻzgarishlarni hisobga olib, pensiya yoshini oshirish, fuqarolarning pensiya taʼminoti tizimida ishtirokini taʼminlash, norasmiy bandlikni kamaytirish orqali pensiya tizimi qamrovini oshirish, bunda mehnat migrantlarini pensiya tizimiga jalb qilish uchun ular ishlayotgan mamlakatlar bilan ikki tomonlama ijtimoiy taʼminot shartnomalarini tuzish, pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasini oshirish, nodavlat pensiya jamgʻarmalari joriy qilish boʻyicha tavsiyalar berilgan.
3. Xalqaro pensiya va ijtimoiy jamgʻarmalar uyushmasi eksperti tomonidan koʻp darajali pensiya tizimini joriy qilish, moslashuvchan pensiya yoshini kiritish, minimal pensiya talabini qayta koʻrib chiqish, ijtimoiy soliqlar boʻyicha berilgan imtiyozlarni bekor qilish yoki davlat budjetidan subsidiya ajratish, fuqarolarni pensiya tizimida ishtirokini taʼminlashga qaratilgan tavsiyalar berilgan.
Hozirda ushbu tavsiyalarning barchasi Ishchi guruh tomonidan oʻrganilmoqda. Ularning Oʻzbekiston sharoitiga mosligi, aholining turmush darajasiga taʼsiri tahlil qilinmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda Oʻzbekistonda pensiya yoshini oshirish boʻyicha hyech qanday yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Pensiya tizimiga kiritiladigan har qanday oʻzgartirishlar, jumladan, pensiya yoshiga oid masalalar ham, albatta, keng jamoatchilik muhokamasidan soʻng, xalqning fikri va manfaatlari inobatga olingan holda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Pensiya jamgʻarmasi Axborot xizmati
