TAJRIBA HUDUDLARDA PENSIYA XIZMATLARI QANDAY KOʻRSATILADI?
2026-10-21 20:00:00 / Jamg'arma yangiliklari
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-oktyabrdagi 576-son Qarori bilan tajriba hududlarda fuqarolarga pensiya xizmatlarini koʻrsatish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
BIRINCHI BOSQICH - FUQARO (PENSIONER) MUROJAATI
Fuqaro (pensioner) pensiyaga oid xizmatlardan foydalanish uchun Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimidagi xizmat koʻrsatuvchi xodimga murojaat qiladi.
Masalan:
pensiya tayinlash yoki qayta hisoblash;
pensiya turini oʻzgartirish;
toʻxtatilgan pensiya toʻlovini tiklash;
pensiyaga boʻlgan huquqni tasdiqlash;
pensiya guvohnomasini olish va boshqa xizmatlardan foydalanish boʻyicha murojaat qilishi mumkin.
Eslatma: Proaktiv tarzda (avtomatik) pensiya tayinlash uchun alohida murojaat talab etilmaydi.
IKKINCHI BOSQICH — HUJJATLARNI QABUL QILISH
Tajriba hududdagi Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimi xodimi:
Ariza va hujjatlarni qabul qiladi, fuqaroni Face-ID orqali elektron roʻyxatga oladi;
Ariza qabul qilinganligi haqida tilxat beradi va hujjatlarni elektron shaklda hududiy boshqarmaga yuboradi;
Zarur hollarda hujjatlarni oʻrganadi va ularning asl nusxalarini komissiyaga yuboradi.
UCHINCHI BOSQICH — PENSIYA BOʻYICHA QAROR QABUL QILISH
Tajriba hududdagi maxsus komissiya tomonidan hujjatlar koʻrib chiqiladi.
1–10 ish kunida — pensiya tayinlash, qayta hisoblash, pensiya turini oʻzgartirish va toʻlovlarni tashkil etish ishlarini amalga oshiradi.
5–10 ish kunida — pensiya tayinlash yoki rad etish boʻyicha qaror qabul qiladi. Zarurat boʻlsa, joyiga chiqib holatni oʻrganishi mumkin.
Qaytarilishi lozim boʻlgan hujjatlarning asl nusxalarini qaror qabul qilinganidan keyin 10 kun ichida pochta orqali fuqaroga yuboradi.
Pensiya va boshqa toʻlovlar uchun toʻlov qaydnomalarini har oyning 5-sanasiga qadar shakllantirib, banklarga elektron tarzda yuboradi.
Natijada, fuqarolarning vaqti tejaladi, ortiqcha ovoragarchiliklari oldi olinadi hamda pensiya xizmatlari yanada qulay boʻladi!
