Bugungi hissa — ertangi ijtimoiy himoya
2026-09-22 17:50:00 / Jamg'arma yangiliklari

2025-yilda 2,9 mln nafar shaxs oʻzini oʻzi band qilgan sifatida roʻyxatdan oʻtgan. Biroq ularning 860 ming nafari ijtimoiy soliq toʻlagan. Bu esa oʻzini oʻzi band qilganlarning pensiya va ijtimoiy sugʻurta huquqlarini yanada kengaytirish zarurligini koʻrsatadi.
Taklif etilayotgan mexanizmga koʻra, yiliga 1 BHM miqdoridagi ijtimoiy soliqni yil davomida boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi. Toʻlov miqdori har uch yilda 1 BHMga oshirilib, 2033-yilda 3 BHMga yetkaziladi. Toʻlovning 10 foizi Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
Masalan, yiliga 440 ming soʻmni boʻlib toʻlash orqali bir yillik ish stajiga ega boʻlish, shuningdek, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik va homiladorlik hamda tugʻish nafaqalarini olish huquqi shakllanadi.
Shuningdek, rasmiy daromadga ega boʻlgan shaxslar ishlamaydigan oila aʼzolari ish stajiga ega boʻlishlari uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq toʻlash imkoniyati ham taklif qilinmoqda.


