Korrupsiyaga qarshi kurashish – davr talabi!
2026-07-14 14:30:00 / Jamg'arma yangiliklari

Mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, aholiga davlat xizmatlarini sifatli va adolatli koʻrsatish, davlat xizmatchilarining masʼuliyati va javobgarligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangan. Bu borada har bir davlat organi oldiga nafaqat korrupsiya holatlarini aniqlash, balki ularning yuzaga kelish ehtimolini bartaraf etish vazifasi ham qoʻyilgan.
Ana shu maqsadda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining Surxondaryo viloyati boshqarmasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish – davr talabi!” mavzusida keng qamrovli seminar tashkil etildi.
Tadbirda Pensiya jamgʻarmasining Surxondaryo viloyati boshqarmasi rahbariyati, tuman (shahar) boʻlimlari boshliqlari hamda tizimning barcha xodimlari ishtirok etdi.
Seminarga Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparatining Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimi boshligʻi Zoom platformasi orqali ulanib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud xavf omillari va ularni bartaraf etish boʻyicha muhim tavsiyalar bilan ishtirokchilarga murojaat qildi.
Shuningdek, seminarda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasining Surxondaryo viloyati boshqarmasining masʼul xodimi U. Tursunov ishtirok etib, korrupsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklarning huquqiy oqibatlari, mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish bilan bogʻliq jinoyatlar, ularning oldini olishda davlat xizmatchilarining shaxsiy masʼuliyati hamda amaliyotda uchrayotgan holatlar yuzasidan atroflicha maʼlumot berdi.
Seminar davomida korrupsiyaga qarshi kurashishni faqat nazorat choralari bilan cheklab boʻlmasligi, eng avvalo, har bir xodimning huquqiy ongi, kasbiy madaniyati va xizmat burchiga sodiqligi ushbu yoʻnalishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi. Davlat xizmatchisi qabul qilayotgan har bir qaror ortida fuqarolarning huquq va manfaatlari, davlat mablagʻlarining maqsadli sarflanishi hamda jamiyatning davlat idoralariga boʻlgan ishonchi mujassam ekani taʼkidlandi.
Pensiya taʼminoti sohasi ijtimoiy himoya tizimining eng muhim boʻgʻinlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli mazkur sohada qonun ustuvorligiga ogʻishmay amal qilish, har bir murojaatni xolislik asosida koʻrib chiqish, hujjatlarni rasmiylashtirishda sunʼiy toʻsiqlarga yoʻl qoʻymaslik va xizmat vazifalarini shaxsiy manfaatlardan ustun qoʻyish davlat xizmatchisining asosiy burchi ekani taʼkidlandi.
Yakunda korrupsiyaga qarshi kurashish har bir rahbar va xodimning kundalik faoliyatining ajralmas qismiga aylanishi lozimligi, halollik va adolat tamoyillari asosida tashkil etilgan mehnat muhiti har qanday korrupsiyaviy koʻrinishlarga qarshi eng ishonchli qalqon ekani alohida taʼkidlandi.
Shu bilan birga, Pensiya jamgʻarmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi masʼullari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda keng jamoatchilik bilan hamkorlik muhim ekani taʼkidlanib, murojaatlar uchun ishonch telefonlari – “12-71” hamda (76) 223-55-44 raqamlari doimiy ravishda faoliyat yuritayotgani eslatib oʻtildi.


