Korrupsiya – jamiyat taraqqiyotiga toʻsiq, halollik esa taraqqiyot garovi!
2026-07-14 14:40:00 / Jamg'arma yangiliklari

Korrupsiya bir qarashda alohida shaxsning qonunbuzarligi boʻlib koʻrinishi mumkin. Aslida esa u butun jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan illatdir. U iqtisodiy rivojlanishni sekinlashtiradi, davlat mablagʻlarining samarasiz sarflanishiga sabab boʻladi, eng achinarlisi esa adolat tamoyillarini izdan chiqaradi. Natijada halol mehnat qadrsizlanadi, qonunga ishonch pasayadi va jamiyatda befarqlik muhiti shakllanishi mumkin.
Shuning uchun ham bugun korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifaga aylangan. Bu kurashning muvaffaqiyati esa nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga, balki har bir davlat xizmatchisining ichki eʼtiqodi, vijdoni va kasbiy masʼuliyatiga ham bevosita bogʻliq.
Ana shu maqsadda Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda “Korrupsiya – halokatga yetaklovchi yoʻl” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirda Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari T. Yusupov hamda Samarqand shahar prokurori oʻrinbosari, adliya kichik maslahatchisi Z. Xamdamov ishtirok etib, korrupsiyaga qarshi davlat siyosatining mazmun-mohiyati, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalari va huquqiy masʼuliyati yuzasidan atroflicha fikr yuritdilar.
Seminarning eng muhim jihati shunda boʻldiki, unda korrupsiya faqat jinoyat sifatida emas, balki insonning maʼnaviy tanlovi sifatida ham baholandi. Chunki har qanday korrupsiyaviy holat, avvalo, insonning vijdoni bilan qonun oʻrtasidagi tanlovdan boshlanadi. Bir qarashda arzimasdek tuyulgan noqonuniy manfaat ortida yuzlab insonlarning haqqi, davlatning manfaati va kelajak avlodlar taqdiri turishi mumkin.
Ayniqsa, pensiya taʼminoti tizimida faoliyat yuritayotgan har bir xodim zimmasida alohida masʼuliyat mavjud. Chunki bu tizim orqali insonlarning koʻp yillik halol mehnati eʼtirof etiladi, ularning ijtimoiy himoyasi taʼminlanadi. Demak, bu sohada qabul qilinadigan har bir qaror nafaqat huquqiy, balki yuksak insoniy masʼuliyatni ham talab etadi.
Tadbir davomida korrupsiyaning oldini olishda profilaktika, ichki nazorat tizimini kuchaytirish, xizmat jarayonlarini raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashning ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, korrupsiya sodir boʻlganidan keyin uni aniqlash muhim, ammo undan ham muhimrogʻi — uning kelib chiqishiga imkon bermaydigan muhitni shakllantirishdir.
Seminar ishtirokchilari korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqiy talab emas, balki har bir davlat xizmatchisining kasbiy madaniyati, insoniy qadriyatlari va xalq oldidagi masʼuliyatining ajralmas qismi ekani haqida yagona fikrga keldilar.
Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish qonundan emas, insonning vijdonidan boshlanadi. Vijdon ustuvor boʻlgan joyda adolat qaror topadi, adolat qaror topgan jamiyat esa barqaror taraqqiyot va xalq farovonligi sari ishonch bilan qadam tashlaydi.
Shu oʻrinda, Pensiya jamgʻarmasi Samarqand viloyati boshqarmasi masʼullari korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan keng jamoatchilik bilan hamkorlik uchun Pensiya jamgʻarmasining “1271” hamda boshqarmada tashkil qilingan (66) 233-47-50, (66) 231-11-66 raqamli ishonch telefonlari doimiy faoliyat koʻrsatayotganligini maʼlum qilamiz.


