Qoraqalpog‘iston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi
2026-07-09 15:55:00 / Jamg'arma yangiliklari

Qoraqalpog‘iston Respublikasida Pensiya jamg‘armasi tizimida korrupsiyaning oldini olish, xizmat faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini yanada oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish hamda tizimda halollik tamoyillarini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish tashkil etildi.
Unda Pensiya jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi rahbariyati, tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari hamda Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparatining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, korrupsiya davlat boshqaruvining samaradorligiga putur yetkazadigan, jamiyatning adolatga bo‘lgan ishonchini susaytiradigan va davlat xizmatining obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan xavfli illat hisoblanadi. Shu bois, uning oqibatlari bilan emas, balki uni keltirib chiqaradigan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish eng ustuvor vazifalardan biri sanaladi.
Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparatining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i yig‘ilishda so‘zga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari, tizimda joriy etilgan komplayens-nazorat mexanizmlari, korrupsiyaviy xavflarni baholash amaliyoti va profilaktik chora-tadbirlarning ahamiyati haqida atroflicha ma’ruza qildi.
Shuningdek, har bir rahbar o‘z jamoasida halollik muhitini shakllantirishi, xodimlarning xizmat intizomiga rioya etishi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi, fuqarolar murojaatlarini qonuniy, xolis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqishi hamda har qanday korrupsiyaviy holatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishi lozimligi qayd etildi.
Yig‘ilish davomida amaliy misollar asosida korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, ichki nazoratni kuchaytirish, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish va inson omilini kamaytirish orqali korrupsiya xavflarini pasaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Alohida ta’kidlanganidek, Pensiya jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatiladigan har bir davlat xizmati fuqarolar uchun qonuniylik, adolat va ochiqlik tamoyillari asosida tashkil etilishi shart. Davlat xizmatchisi uchun halollik oddiy talab emas, balki yuksak kasbiy mas’uliyat va xalq ishonchini oqlashning muhim shartidir.
Yig‘ilish yakunida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlar samaradorligini yanada oshirish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, korrupsiyaviy xavflarni muntazam tahlil qilish, har bir rahbarning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish hamda belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat mablag‘laridan oqilona foydalanish hamda fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘lida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish Pensiya jamg‘armasining ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.
Shu bilan birga, Pensiya jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi mas’ullari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda keng jamoatchilik bilan hamkorlik muhim ekani ta’kidlanib, murojaatlar uchun ishonch telefonlari – “12-71” hamda (61) 222-54-01 raqamlari doimiy ravishda faoliyat yuritayotgani eslatib o‘tildi.


