Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida pensiya va ijtimoiy taʼminot sohasidagi muzokaralarning ikkinchi raundi boshlandi.
2026-06-24 20:30:00 / Jamg'arma yangiliklari

Ayni kunlarda Turkiya Respublikasining Kushadasi shahrida Pensiya jamgʻarmasi hamda Turkiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy taʼminot vazirligi va Ijtimoiy taʼminot muassasasi (SGK) vakillari ishtirokida pensiya va ijtimoiy taʼminot sohasidagi muzokaralarning ikkinchi raundi boʻlib oʻtmoqda.
Muzokaralar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Ijtimoiy taʼminot toʻgʻrisidagi Bitim hamda mazkur Bitimni amalga oshirish boʻyicha Maʼmuriy kelishuv loyihalari yuzasidan muhokamalar olib borilmoqda.
Tomonlar birinchi raund doirasida koʻtarilgan ayrim masalalarni koʻrib chiqib, Bitim va Maʼmuriy kelishuv loyihalari matnlarini toʻliq muvofiqlashtirish hamda ularni yuqori darajada imzolashga tayyor holatga keltirish boʻyicha muzokaralarni davom ettirmoqdalar.
Mazkur hujjatlar ikki davlat hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning pensiya va ijtimoiy taʼminot huquqlarini taʼminlash, shu jumladan pensiya taʼminoti sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.



