2026-yil 1-iyuldan boshlab pensiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi - Prezident Farmoni
2026-06-23 18:35:00 / Jamg'arma yangiliklari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida"gi (PF-115-son, 23.06.2026-yil) Farmoni imzolandi.
Unga koʻra, joriy yilning 1-iyulidan boshlab:
- pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 504 000 soʻm;
- yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 983 000 soʻm;
- nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 1 083 000 soʻm;
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (983 000 soʻmdan) 1 083 000 soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 1 083 000 soʻm.
- ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda – oyiga 878 000 soʻm.
- boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 878 000 soʻm etib belgilandi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya toʻlanadi.
- Shuningdek, 1941–1945-yillardagi urush oqibatida nogiron boʻlgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 4 775 000 soʻm etib belgilandi.
Pensiyalar miqdori oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlar budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Farmonga muvofiq 4,4 mln nafar pensiya oluvchilarning pensiya miqdorlari qayta hisoblanib, iyul oyidan yangi miqdorlarda toʻlovi amalga oshiriladi.
