Pensiyaga chiqishda ish staji bilan bogʻliq muammolar boʻlmasligi uchun nima qilish kerak?
2026-06-03 10:45:00 / Jamg'arma yangiliklari
Bugungi kunda baʼzi holatlarda pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiya tayinlanishida ish staji maʼlumotlari yetishmaslik (chiqmaslik) holatlari uchrab turibdi.
Bunga sabab nima?
Maʼlumki, bugungi kunda Pensiya jamgʻarmasi fuqarolarga pensiya tayinlashda barcha maʼlumotlarni tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan elektron shaklda olmoqda.
Shaxsning ish staji va ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlari toʻliq raqamlashtirilgan boʻlsa, “ish staji yetishmaslik” holati yuz bermaydi.
Aksincha, fuqaro ishlagan tashkilot, korxona va muassasalar qonunchilikka muvofiq xodimning pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarini (mehnat staji, ish haqi va boshqalar) my.mehnat.uz tizimiga kiritmagan taqdirda pensiya tayinlash vaqti kelganda “ish staji va ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar” chiqmasligi mumkin.
Bunday holatga tushmaslik uchun rasmiy mehnat faoliyati yuritayotgan barcha fuqarolarimizdan ish staji va ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga eʼtiborli boʻlgan holda, ish beruvchilaridan barcha maʼlumotlarini my.mehnat.uz tizimiga kiritib raqamlashtirib qoʻyishlarini maslahat beramiz.
Shuningdek, ishlamayotgan fuqarolar mehnat daftarchalaridagi maʼlumotlar raqamlashtirilmagan boʻlsa, yashash hududlaridagi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlariga murojaat qilgan holda, mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni raqamlashtirib olishlari mumkin.
Mazkur xizmat mutlaqo bepul amalga oshiriladi.
