9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Inson qadri aziz, xotirasi muqaddas” mavzusida joriy yilning 2-may kuni G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasidagi “Millat fidoyilari” monumentiga ma’naviy-ma’rifiy ekskursiya tashkil etildi.
2026-05-02 18:05:00 / Jamg'arma yangiliklari

Mazkur tashrif davomida jamoa a’zolari Vatan ozodligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etib, ularning jasorati va matonati oldida hurmat bajo keltirdilar. Ekskursiya davomida tarixiy yodgorliklar, ramziy haykallar va ekspozitsiyalar orqali Ikkinchi jahon urushi yillaridagi og‘ir sinovlar, xalqimizning fidoyiligi va mardligi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lindi. Bu esa ishtirokchilarda tarixga bo‘lgan qiziqish va hurmatni yanada mustahkamladi.
Bunday ekskursiyalar xodimlarga bir qator muhim jihatlarni beradi. Avvalo, ular jamoada vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytiradi, milliy qadriyatlar va tarixiy merosimizga hurmat ruhini shakllantiradi. Shuningdek, jamoa a’zolari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik, birdamlik va ijtimoiy faollikni oshiradi. Kundalik ish jarayonidan biroz chekinib, ma’naviy boyish imkonini yaratadi hamda xodimlarning ruhiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar xodimlarda mas’uliyat hissini yanada kuchaytirib, ularni o‘z faoliyatiga sidqidildan yondashishga undaydi. Zero, ajdodlarimizning jasorati va fidoyiligi bugungi tinch va farovon hayotimizning asosi ekanini chuqur anglash har bir inson uchun muhim saboqdir.





