Korrupsiyaga qarshi kurash — barchamizning burchimiz!
2026-03-26 09:50:00 / Jamg'arma yangiliklari

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari, tuman (shahar) bo‘lim boshliqlari va ularning xodimlari ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi kurash – barchamizning burchimiz” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda Xorazm viloyati prokuraturasining bo‘lim prokurori O. Saidov va Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xorazm viloyati boshqarmasi katta inspektori T. Shamakovlar taklif etildi.
Korrupsiya – jamiyat taraqqiyotiga eng katta to‘siqlardan biri hisoblanadi. U adolat tamoyillarini buzadi, iqtisodiy rivojlanishni sekinlashtiradi hamda aholining davlat va qonunlarga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlat organlarining, balki har bir fuqaroning muhim burchidir.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda eng muhim omillardan biri – bu halollik va vijdonlilikdir. Har bir inson o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashib, noqonuniy yo‘llardan voz kechsa, jamiyatda poklik muhitini yaratish mumkin. Ayniqsa, yoshlar orasida halollik, adolat va qonunga hurmat kabi qadriyatlarni shakllantirish muhim ahamiyatga ega.
Taklif etilganlar tomonidan korrupsiya nima ekanini to‘g‘ri anglab olish zarurligi, bunday illat jamiyatda tengsizlikni kuchaytiradi va halol mehnat qilayotgan insonlarning haq-huquqlarini poymol qilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, yurtimizda korrupsiyani kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligi, qonunchilikni takomillashtirishi, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini raqamlashtirish — bularning barchasi korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilishi bildirildi.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash – bu umumiy vazifa. Halollik, adolat va qonun ustuvorligi tamoyillariga amal qilgan holda biz pok va taraqqiy etgan jamiyatni barpo etishimiz mumkin. Har birimiz o‘zimizdan boshlasak, albatta, ijobiy natijalarga erishamiz. Shu bilan birga, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish ham muhim vazifalardan biridir.
Shu oʻrinda, Pensiya jamgʻarmasi Xorazm viloyati boshqarmasi masʼullari korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan keng jamoatchilik bilan hamkorlik uchun Pensiya jamgʻarmasining “12-71” hamda boshqarmada tashkil qilingan (62) 223-12-71 ishonch telefonlari doimiy faoliyat koʻrsatayotganligini eslatib oʻtadi.




