Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparati rahbariyati tomonidan 2025-yil davomida oʻtkazilgan sayyor qabullar toʻgʻrisida
2025-12-26 18:45:00 / Jamg'arma yangiliklari
Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparati rahbariyati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish belgilangan kun va soatlarda, qabul qilish jadvaliga muvofiq oʻtkazib borilmoqda.
Pensiya jamgʻarmasi rahbariyati tomonidan joriy yilda belgilangan rejagrafikka asosan hududlarda jami 73 marotaba sayyor shaxsiy qabullar o‘tkazilgan bo‘lib, shundan ijro etuvchi direktori tomonidan 23 marotaba, ijro etuvchi direktorning birinchi o‘rinbosari tomonidan 25 marotaba hamda ijro etuvchi direktorning o‘rinbosari tomonidan 25 marotaba o‘tkazilgan.
Rahbariyatning o‘tkazilgan sayyor shaxsiy qabullarida jami 4 103 nafar fuqaro qatnashgan bo‘lib, shulardan 759 nafari qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilgan. Murojaat qilganlarning 482 (63,5%) nafarining murojaatlari joyida ijobiy hal etilgan hamda huquqiy ma’lumot berilgan bo‘lib, 277 nafarining murojaatlari yozma qabul qilingan va belgilangan tartibda javob xatlari berilgan. Yozma qabul qilingan murojaatlarning 226 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 28 tasi ijobiy hal etilgan hamda 23 tasi tushuntirish berilgan holda tegishli tashkilotlarga yo‘naltirilgan.
“Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida tashkil etilgan bunday ochiq muloqotlar fuqarolarni qoniqtirish, ularning ishonchini oshirish, muammolarini hal etish yo‘lida muhim qadamdir. Xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilish – davlatning asosiy vazifasidir.
Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparatining rahbar xodimlari tomonidan hududlarda kelgusi 2026-yilda ham belgilangan reja-grafikka asosan sayyor shaxsiy qabullar o‘tkazib boriladi.
