
Xalqaro hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PF–190-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda kasbiy ta’lim tizimiga ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish maqsadida Kasbiy ta’limni rivojlantirish agentligi xalqaro va xorijiy hamkorlar bilan tizimli hamkorlikni amalga oshirmoqda.
Bugungi kunda Agentlik kasbiy ta’lim sifatini oshirish, pedagog kadrlar salohiyatini rivojlantirish, dual ta’lim tizimini takomillashtirish, zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy etish hamda bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish yo‘nalishlarida qator nufuzli xalqaro tashkilotlar va xorijiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.
Xususan, Agentlik Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (UNDP), Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM), Jahon banki, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Germaniya taraqqiyot banki (KfW), Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik tashkiloti ko‘magidagi Helvetas, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), Buyuk Britaniyaning Pearson tashkiloti, ACCA, Kaplan, Klett, UBC hamda boshqa xalqaro hamkor tashkilotlar bilan samarali hamkorlik olib bormoqda.
Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi, Koreya Respublikasi, Germaniya, Fransiya, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari va boshqa davlatlarning ta’lim muassasalari, tarmoq tashkilotlari hamda biznes vakillari bilan hamkorlik doirasida qo‘shma loyihalar, malaka oshirish dasturlari, ekspertlar almashinuvi va investitsiyaviy tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Mazkur hamkorlik aloqalari kasbiy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash hamda malakali kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
KASBIY TA’LIM AGENTLIGINING AMALDAGI XALQARO INVESTITSION LOYIHALARI (davlat kafolati ostidagi investitsiyalar)KASBIY TA’LIM AGENTLIGINING AMALDAGI XALQARO INVESTITSION LOYIHALARI (davlat kafolati ostidagi investitsiyalar)
Agentlik tomonidan joriy kunda xalqaro hamkorlik doirasida 10ta yirik loyiha va tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar Koreya Respublikasi, Germaniya, Yevropa Ittifoqi va UNESCO, Osiyo taraqqiyot banki, Saudiya Arabistoni kabi asosiy xalqaro hamkorlar bilan birgalikda yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu loyihalar doirasida 360 million AQSh dollari miqdoridagi kredit (250 mln $) va grant (108 mln $) mablag‘lari safarbar etilgan bo‘lib, ular quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga yo‘naltirilmoqda:
· kasbiy ta’lim muassasalarining infratuzilmasini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish;
· dual va amaliy ta’lim mexanizmlarini joriy etish;
· “yashil iqtisodiyot” va energetika uchun kadrlar tayyorlash;
· yoshlar bandligi va o‘zini o‘zi band qilishni ta’minlash.
Loyihalar alohida muassasalar darajasida emas, balki butun kasbiy ta’lim tizimini yangilashga qaratilgan tizimli yondashuv asosida amalga oshirilmoqda.
I.Korea
EDCF (Eximbank Korea)
“Kasbiy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish” loyihasi
Moliyalashtirish turi: Kredit
Ajratilgan mablag‘: 51,2 mln AQSh dollari
O‘zbekiston ulushi: 7,97 mln AQSh dollari
Amalga oshirish davri: 2024–2028-yillar
– 330 ta kasbiy ta’lim muassasasini zamonaviy AKT vositalari bilan jihozlash;
– ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish.
KOICA (Koreya xalqaro hamkorlik agentligi)
“Urganch shahridagi texnikum va Toshkent shahrida Malakani baholash va o’qituvchilar malakasini oshirish institutiti binolarini barpo etish”
Moliyalashtirish turi: Grant
Ajratilgan mablag‘: 14 mln AQSh dollari
Amalga oshirish davri: 2021–2026-yillar
– jami 7021 kv.metrga ega bo’lgan binolar quriladi va jihozlanadi;
– hududiy mehnat bozori ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash.
II. Germaniya
KfW (Germaniya taraqqiyot banki)
“O‘zbekistonda kasbiy ta’limni qo‘llab-quvvatlash (1-bosqich)”
Moliyalashtirish turi: Grant
Ajratilgan mablag‘: 17,1 mln AQSh dollari
Amalga oshirish davri: 2025–2030-yillar
– 7 ta texnikumni rekonstruksiya qilish va qayta jihozlash;
– hududlarda malakali kadrlar tayyorlash salohiyatini oshirish.
KfW (Germaniya taraqqiyot banki)
“O‘zbekistonda kasbiy ta’limni qo‘llab-quvvatlash (2-bosqich)”
Moliyalashtirish turi: Kredit
Ajratilgan mablag‘: (40 mln AQSh dollari) va grant (2 mln AQSh dollari)
O‘zbekiston ulushi: 10,64 mln AQSh dollari
Amalga oshirish davri: 2025–2029-yillar
– 8 ta texnikumni Germaniya tajribasi asosida modernizatsiya qilish;
– dual ta’lim va amaliy tayyorgarlikni rivojlantirish.
KfW (Germaniya taraqqiyot banki)
“O‘zbekistonda kasbiy ta’limni qo‘llab-quvvatlash (3-bosqich)”
Moliyalashtirish turi: Kredit
Ajratilgan mablag‘: (35 mln AQSh dollari) va grant (7 mln AQSh dollari)
O‘zbekiston ulushi: 10,64 mln AQSh dollari
Amalga oshirish davri: 2026–2030-yillar
– 8 ta texnikumni rekonstruksiya qilish va qayta jihozlash;
– dual ta’lim va amaliy tayyorgarlikni rivojlantirish.
GIZ kompaniyasi
“Yashil iqtisodiyot uchun yashil ko‘nikmalar” loyihasi
Moliyalashtirish turi: Grant
Joriy yilning 16 yanvarida memorandum imzolandi.
Amalga oshirish davri: 2025–2028-yillar
Ajratilgan mablag‘: Markaziy Osiyodagi to‘rtta davlat uchun 6,3 mln yevro.
III. SAUDIYA ARABISTONI
“ACWA Power” kompaniyasi
-Shirin energetika texnikumida xalqaro tasniflagichning 3–5-darajalariga muvofiq o‘quv dasturlari asosida energetika sohasi uchun mutaxassislar tayyorlanmoqda.
-“ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda NOMAC (Oksford universiteti) ta’lim dasturlari joriy etilgan.
-2024–2025 o‘quv yilida 30 nafar bitiruvchi “ACWA Power” kompaniyasining korxonalariga ishga joylashtirildi.
-Hozirgi kunda “Al-Jabr” loyihasi doirasida 95 nafar o‘quvchi tayyorlanmoqda bo‘lib, ularning ishga joylashishi 100% kafolatlangan.
-2030 yilga qadar texnikumni rivojlantirish maqsadida 20 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish rejalashtirilgan.
Loyihaning keyingi bosqichida texnikum imkoniyatlarini yanada kengaytirish va ta’lim sifatini oshirish orqali ishtirokchilar sonini 700 nafargacha yetkazish rejalashtirilgan.
IV. YEVROPA ITTIFOQI /YUNESKO
“Oʻzbekistonning qishloq joylarida ishga joylashtirish koʻnikmalarini rivojlantirish” loyiha
-Loyiha amalga oshirish muddati: 2020–2026 yillar.
-Loyihaning umumiy qiymati: 9,6 mln yevro.
-Qamrab olinayotgan sohalar: qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya.
-Kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan mutaxassisliklar soni: 6 ta.
-Yangilangan kasbiy standartlar soni: 3 ta.
-Yangilangan malaka oshirish dasturlari soni: 4 ta.
-Malaka oshirish seminarlarida ishtirok etgan pedagoglar va mutaxassislar soni: 500 nafardan ortiq.
-2026 yilga qadar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan dual ta’lim dasturlari soni: 8 ta.
-2026 yilda malaka oshirishi rejalashtirilgan pedagog kadrlar soni: 2 000 nafar.
-Dual ta’limga jalb etilishi rejalashtirilgan o‘quvchilar soni: 750 nafar.
V.Osiyo taraqqiyot banki (OTB)
“Yashil iqtisodiyot modernizatsiyasi”
Moliyalashtirish turi: Kredit
Ajratilgan mablag‘: (100 mln AQSh dollari) va grant (2 mln AQSh dollari)
O‘zbekiston ulushi: 18 mln AQSh dollari
Amalga oshirish davri: 2026–2030-yillar
– “yashil iqtisodiyot” yo‘nalishida zamonaviy ta’lim infratuzilmasini yaratish;
– 90 ta texnikumni qamrab olish orqali kadrlar salohiyatini oshirish.


