Texnikumlarda turizm ta’limini rivojlantirish bo‘yicha Avstriya bilan hamkorlik kengaymoqda
2026-10-29 14:40:00 / Yangiliklar

Avstriya bilan hamkorlik doirasida Namangan va Buxoro viloyatlaridagi texnikumlarda turizm hamda mehmondo‘stlik sohalari uchun xalqaro standartlar asosida kadrlar tayyorlash imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Asosiy e’tibor o‘quv mehmonxonasi va restoranlarini tashkil etish, ta’limni amaliyot bilan bog‘lash hamda pedagoglar malakasini oshirishga qaratilgan.
Jarayonda Avstriya savdo vakili Rudolf Lukavsky, mehmondo‘stlik va oshpazlik sohasi eksperti Thomas Drdak hamda arxitektor Zeljko Katalinic ishtirok etmoqda. Mutaxassislar texnikumlarning mavjud infratuzilmasini o‘rganib, binolar va o‘quv sharoitlarini xalqaro talablarga moslashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Namangan viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Abdulahad Gaffarov ishtirokida Chortoq tumani 2-son texnikumi yotoqxonasini mehmonxona ta’limiga moslashtirish masalalari muhokama qilindi. “Proekt servis” MChJ rahbari H. Imamov bilan mazkur yo‘nalishda loyiha ishlarini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Delegatsiya Yangiqo‘rg‘on tumani 2-son texnikumida ham bo‘lib, turizm, ovqatlanish servisi va mehmonxona boshqaruvi yo‘nalishlarida xalqaro standartlar asosida kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini o‘rgandi. Uchrashuvda ish beruvchilar bilan hamkorlikda dual ta’limni rivojlantirish, o‘quv mehmonxonasi va restoranini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, mutaxassislar “Nanay” turizm qishlog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va loyihalar bilan tanishdi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bilan uchrashuvda Buxoro turizm va madaniy meros texnikumini Buxoro xalqaro turizm texnikumiga aylantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. IMC Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda ta’lim dasturlarini takomillashtirish, pedagoglarning xorijda malaka oshirishini tashkil etish va “2+2” shaklidagi qo‘shma bakalavriat dasturini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Har ikki hududda Xalqaro turizm va mehmondo‘stlik markazlarini tashkil etish hamda Avstriyaning dual ta’lim tajribasidan foydalanish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Ushbu tashabbuslar o‘quvchilarning kasbiy ko‘nikmalarini real ish sharoitiga yaqin muhitda shakllantirish va turizm sohasi ehtiyojlariga mos mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirilgan.







