Elektron tijorat bo‘yicha ilk O‘zbekiston–Xitoy o‘quv-amaliy markazi tashkil etildi
2026-11-06 16:35:00 / Yangiliklar

Chilonzor tumani 2-son texnikumida Xitoyning “Laida E-Commerce Technology” kompaniyasi bilan hamkorlikda elektron tijorat sohasidagi ilk O‘zbekiston–Xitoy markazi ochildi. Markaz yoshlarni elektron savdo va logistika jarayonlariga amaliy tayyorlashga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida xitoylik hamkorlar tomonidan 100 ming AQSh dollari miqdorida beg‘araz investitsiya kiritildi. Ushbu mablag‘lar hisobiga texnikumda elektron tijorat yo‘nalishida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan zamonaviy o‘quv-amaliy ustaxona tashkil etildi.
Markaz tarkibida mahorat darslari uchun maxsus maydon hamda ombor-logistika bazasi mavjud. O‘quvchilar bu yerda elektron savdo, raqamli texnologiyalardan foydalanish, mahsulotlarni saqlash, buyurtmalarni qayta ishlash va logistika jarayonlarini o‘rganadi.
Markazning asosiy afzalligi — nazariy bilimlarni amaliy jarayonlar bilan bog‘lash imkoniyatidir. O‘quvchilar elektron tijoratning turli bosqichlarini ustaxonada mashq qilib, kelajakdagi ish faoliyati uchun zarur ko‘nikmalarni egallaydi.
Ushbu hamkorlik texnikumda zamonaviy kasblarni o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirib, elektron tijorat sohasi uchun amaliy tayyorgarlikka ega mutaxassislar yetishtirishga xizmat qiladi.




