Byurokratiyani bartaraf etish - 2030
Byurokratiyani bartaraf etish – 2030: davlat xizmatlari fuqarolar uchun yanada qulay bo‘lmoqda
O‘zbekiston Respublikasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish hamda davlat xizmatlarini aholiga yanada qulay va tezkor ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-noyabrdagi F–68-son Farmoyishi hamda "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va samaradorlikni ta'minlash, ortiqcha ma'muriy to‘siqlarni bartaraf etish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.
Mazkur islohotlar doirasida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida ham fuqarolar hamda tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va elektron platformalar orqali taqdim etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, vazirlik faoliyatida:
- davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish;
- elektron axborot tizimlarini joriy etish;
- fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishning shaffof mexanizmlarini kengaytirish;
- ortiqcha hujjat talab qilish holatlarini qisqartirish;
- idoralararo elektron axborot almashinuvini rivojlantirish;
- ochiqlik va jamoatchilik bilan muloqotni kuchaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirish, inson omilini kamaytirish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish hamda fuqarolar va tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratishga xizmat qilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi "Byurokratiyani bartaraf etish – 2030" tashabbusi doirasida davlat xizmatlari sifatini yanada oshirish, zamonaviy boshqaruv tamoyillarini keng joriy etish hamda fuqarolarga qulay, shaffof va samarali xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi ishlarni izchil davom ettiradi.
Axborot xizmati.
