Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining bir guruh mutaxassislari Seul shahrida Qirol Sejong institut fondi raisi Li Xe Yong va boshqa rasmiy vakillar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
2024-03-04 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining bir guruh mutaxassislari Seul shahrida Qirol Sejong institut fondi raisi Li Xe Yong va boshqa rasmiy vakillar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qirol Sejong institut fondi raisi Li Xe Yong xonim Koreyada rasmiy mehnat faoliyatini olib borish huquqiga ega bo‘lgan 16 ta davlat orasidan koreys tiliga o‘qitish borasida faqat O‘zbekiston bilan hamkorlik o‘rnatganligini e’tirof etib, kelgusida loyihani rivojlantirish uchun qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlarni taklif etishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda qanday kelishuvlarga erishildi?
– Hamkorlik doirasida o‘quv kurslari qamrovi kengaytiriladi, kunduzgi va kechki guruhlarda to‘liq quvvat bilan o‘quv kurslarini tashkil etish orqali, 2024-yilda 3 ming nafar fuqaro “onlayn” o‘qitiladi.
– Toshkent va Samarqand shaharlarining birida Qirol Sejong fondi bilan hamkorlikda “oflayn” rejimdagi o‘quv kurslari tashkil etiladi. Buning uchun, vazirlik tomonidan bino ajratilib, Qirol Sejong fondi yordamida yangi zamonaviy Koreys tili maktabi tashkil etiladi. Natijada bir yilda 4 000 nafar nomzodni koreys tili va madaniyatiga o‘qitish imkoniyati yaratiladi.
– Qirol Sejong o‘quv kurslarida o‘qib sertifikatga ega bo‘lgan fuqarolarga qo‘shimcha imtiyozlarni taqdim etish masalasi qisqa muddatlarda ko‘rib chiqiladi. Jumladan, Qirol Sejong o‘quv markazining Koreya tomonidan tan olinadigan maxsus sertifikatiga ega bo‘lgan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali Ye-9 viza bilan ishga yuborilgan fuqarolarga Ye-7 vizasini olishida ustunlikka ega bo‘luvchi imtiyoz beriladi.
– Hamkorlik doirasida Koreys tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha yangi loyiha amalga oshiriladi.
Kelishuvga ko‘ra, Qirol Sejong o‘quv markazi imkoniyatlaridan foydalanib, birinchi bosqichda 40 nafar (2024-2025-yillarda 200 nafar) o‘zbekistonlik koreys tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etiladi.
Bunda, kurslar reja asosida 3 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda O‘zbekistonda va Koreya Respublikasida tashkil etiladi. Ya’ni, tinglovchilar avval O‘zbekistonda “onlayn” rejimda o‘qitilib, keyinchalik kurs yakunida Koreya Respublikasida imtihonlarni topshirib, sertifikatga ega bo‘ladi.
Maxsus sertifikatga ega bo‘lgan koreys tili o‘qituvchilarini tanlov asosida Qirol Sejong institut fondi o‘ziga ishga qabul qiladi.
Ushbu kelishuvlar bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Qirol Sejong instituti fondi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolanadi.