Diqqat tanlov!
2024-11-08 14:20:00 / Vazirlik yangiliklari
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 21-dekabrdagi PQ-57-son qaroriga muvofiq, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotini yaxshilashga qaratilgan eng yaxshi ijtimoiy loyihalarni rag‘batlantirib borish maqsadida “Eng yaxshi ish beruvchi” respublika tanlovini E’LON QILADI!
Umumiy talablar:
- Tanlovda istalgan tuman(shahar)dan qatnashishi mumkin.
- Ish beruvchilardan kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqish, umumlashtirish va baholash Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida tuzilgan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
- Tanlov g‘oliblari vazirlikning budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan rag'batlantiriladi.
- Tanlovda faqat nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan barcha ish beruvchilar (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ishtirok etishi mumkin.
Tanlovda ishtirok etish uchun 2024-yil 8-noyabrdan 20-noyabr soat 18:00ga qadar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga (Manzil: Toshkent shahri, Nukus ko‘chasi, 8-uy) yoki info@bv.gov.uz elektron pochta manziliga quyidagilar taqdim etilishi talab etiladi:
- Ilovadagi shaklga muvofiq ariza;
- Davlat ro‘yxatidan o‘tganlik haqidagi guvohnoma nusxasi;
- Tashkilotda ishlovchi nogironligi bo‘lgan shaxslar haqida ma’lumot;
- Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlari moslashtirilganligi haqida ish o‘rinlarini attestatsiyadan o‘tkazilganligi to‘g‘risida xulosa nusxasi va boshqa shu kabi ma’lumotlar taqdim qilinishi mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun vazirlikning +99871 203-01-40 (ichki raqam 749) telefon raqamiga bog‘lanishingiz mumkin.