Mehnat migratsiyasi, xorijdan qaytgan fuqarolar bandligi va xorijliklarning mehnat faoliyatiga oid vazifalar belgilandi
2026-11-02 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari
2026-yil 2-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda fuqarolarni xorijda munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish, chet eldan qaytgan yurtdoshlarimizning bandligini ta’minlash hamda O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy fuqarolar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Xorijda munosib mehnat qilish uchun kasbiy tayyorgarlik muhim
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari jahon mehnat bozorida yuz berayotgan o‘zgarishlarga e’tibor qaratdi. Bugungi kunda dunyoda 168 million kishi xorijda mehnat qilmoqda. O‘zbekistonda ham chet elda ishlash istagidagi fuqarolar mavjud bo‘lib, boshqa davlatlarda ishchi kuchiga talab yuqoriligicha qolmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, mavjud imkoniyatlarni o‘zaro bog‘lash, fuqarolarni xorijda munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
“Inson o‘z kasbini puxta egallasin, o‘z qadrini bilsin, o‘z yurtiga tayana olsin!” — dedi Prezidentimiz.
Bugungi kunda fuqarolarning zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida vaucher tizimi tashkil etilgan. Mazkur tizim orqali fuqarolar bepul ta’lim olib, mehnat bozori talablariga mos kasbiy malakalarni egallash imkoniyatiga ega.
Xorijdan qaytgan fuqarolarning bilim va tajribasidan samarali foydalaniladi
Yig‘ilishda migratsiyadan qaytgan fuqarolar bandligini ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yil boshidan buyon 1 million 116 ming nafar fuqaro xorijdan qaytgan. Ular orasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya, Yaponiya va Rossiyada sanoat, qurilish, logistika, xizmat ko‘rsatish hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida tajriba orttirgan mutaxassislar bor.
Prezident xorijiy davlatlarning yirik sanoat korxonalarida ishlab, zamonaviy texnologiyalar va mehnat madaniyatini o‘zlashtirgan mutaxassislar mamlakatimiz korxonalari uchun katta imkoniyat ekanini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan hokimlar va tarmoq rahbarlariga xorijdan qaytgan fuqarolarni munosib ish o‘rinlariga joylashtirish, ularning bilim va tajribasidan samarali foydalanish vazifasi yuklatildi.
Buning uchun xorijdan qaytgan fuqarolarning avvalgi ish joyi, kasbi va mehnat staji haqidagi ma’lumotlarni aks ettiruvchi platforma yaratiladi. Mazkur platforma hokimlar va tarmoq rahbarlari foydalanadigan tizimga ulanadi.
Shuningdek, yil yakuniga qadar 250 ming nafar fuqaroga munosib ish topish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lganlarga zarur ko‘mak va sharoitlar yaratish vazifasi belgilandi.
Xorijiy fuqarolarning yashash va mehnat faoliyati monitoring qilinadi
Yig‘ilish davomida O‘zbekistonda uzoq muddat yashayotgan xorijiy fuqarolarning mehnat faoliyati bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda mamlakatimizda uzoq muddat yashayotgan xorijiy fuqarolar soni 250 ming nafarga yaqinlashgan. Ularning 36 ming nafari ishlash uchun ruxsatnoma olgan, 24 ming nafari esa talabalardir.
Davlatimiz rahbari xorijiy fuqarolarning faoliyati va daromad manbalari to‘g‘risida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish muhimligini qayd etdi. Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlariga birinchi navbatda O‘zbekiston fuqarolarini joylashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga mamlakatimizga uzoq muddatga kelgan xorijiy fuqarolarning yashash va ish joyini monitoring qilish platformasini bir oy muddatda ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda belgilangan vazifalar fuqarolarni munosib ish bilan ta’minlash, xorijda orttirilgan kasbiy salohiyatdan samarali foydalanish hamda mehnat migratsiyasi jarayonlarini tizimli tashkil etishga qaratilgan.
