Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2026-yil 9 oylik faoliyati natijalari muhokama qilindi
2026-10-28 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

2026-yil 28-oktabr kuni OAV uchun kontent tayyorlash markazida O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining joriy yil 9 oylik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda vazirlik rahbariyati, markaziy apparat tarkibiy tuzilmalari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jurayev vazirlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan ma’lumot berdi.
Xususan, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va oilalarni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish va malakali mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, mehnat qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazorat hamda Davlat mehnat inspeksiyasi faoliyati bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
2026-yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 5,8 foizdan 3,6 foizgacha pasaydi. Kambag‘allikdan xoli mahallalar soni esa 3 627 taga yetdi.
Hisobot davrida aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish yo‘nalishida ham qator natijalarga erishildi. Jumladan, 824 ming nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 4 milliondan ortiq nafar aholining daromadini oshirishga ko‘maklashildi hamda 980 ming nafar fuqaroning norasmiy bandligi rasmiylashtirildi.
Shuningdek, kasb-hunarga o‘qitish yo‘nalishida 96 mingdan ortiq fuqaro o‘qitilib, bitiruvchilarning qariyb 45 ming nafari ish bilan ta’minlandi.
Aholi daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi chora-tadbirlar natijasida “Ijtimoiy reyestr”dagi daromadi oshgan 440 mingta oila reyestrdan chiqarildi.
Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etilib, jurnalistlarning savollariga batafsil javob berildi.
Tadbir Renessans TV hamda vazirlikning rasmiy YouTube kanali orqali jonli efirda yoritildi.


