Davlatimiz rahbari Qashqadaryo ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va uning negizida tashkil etilgan “Kasblar shaharchasi” faoliyati bilan tanishdi.
2026-10-21 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Yil yakuniga qadar 500 nafar yoshni nemis tiliga oʻqitib, Germaniyada haq toʻlanadigan amaliyotga yuborish koʻzda tutilmoqda. Davlatimiz rahbari stajirovkaga ketayotgan bir guruh yoshlar bilan suhbatlashdi.
– Barcha saʼy-harakatlarimiz sizlar kasb egallashingiz uchun. Kasbli boʻlsangiz, hech qachon kam boʻlmaysizlar. Bilim va hunarni puxta egallasangiz, qayerda boʻlmang, oʻz oʻrningizni topasizlar. Bugun sizlarga shunday imkoniyat berilyapti. Undan toʻgʻri foydalansangiz, oʻzingiz, farzandlaringiz va nevaralaringiz uchun farovon hayotga zamin yaratasizlar. Shuning uchun bir daqiqangiz ham bekor oʻtmasin, – dedi Prezidentimiz.
Suhbatda maktab davridanoq kasb va til oʻrgatishga eʼtibor berish zarurligi ham taʼkidlandi. “Kasblar shaharchasi” shu maqsadda maktab oʻquvchilarining qiziqish va qobiliyatini erta aniqlash, ularni kasbga yoʻnaltirish uchun tashkil etilgan.






