Qashqadaryoda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi
2026-10-22 11:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va yangi daromad manbalarini yaratishga qaratilgan ishlar bilan tanishildi. Shuningdek, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ushbu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarga e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda bir necha yil avval eng murakkab vaziyatdagi hududlardan biri bo‘lgan Qashqadaryo viloyatini joriy yil yakuniga qadar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari ushbu natijaga erishish uchun aniq hisob-kitoblar mavjudligini qayd etdi.
Tashrif davomida Qamashi tumanidagi Chim mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari hamda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalar bilan tanishildi.
Xususan, xotin-qizlar mehnat qilayotgan gilamchilik va kashtachilik korxonasiga 3,5 milliard so‘m investitsiya kiritilgan. Banklar ko‘magida 20 ga yaqin xonadonda 36 sotix maydonda issiqxonalar tashkil etilib, mahsulotlarni saqlash uchun 200 tonnalik sovitish ombori barpo qilingan. Natijada 80 nafardan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlangan.
Mahallada kooperatsiya asosida limonchilik ham rivojlantirilmoqda. Aholiga ko‘chat, o‘g‘it va agrotexnik xizmatlar yetkazib beriladi, yetishtirilgan hosil kafolatlangan narxda sotib olinadi. Limon ko‘chatlari orasiga kartoshka, brokkoli va ko‘katlar ekilishi hisobiga daraxtlar hosilga kirguniga qadar har bir issiqxonadan 14–16 million so‘m qo‘shimcha daromad olinmoqda.
Yig‘ilishda sanoat korxonalari faoliyatini kengaytirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari energiya va suvni tejaydigan zamonaviy korxonaga ega “Sultonteks” klasteri rahbari Nurbek Ergashevning 2028-yilgacha yana 30 ming kishini ish bilan ta’minlash, ayniqsa, xotin-qizlar uchun ko‘proq imkoniyat yaratish rejalarini qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligida aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar ko‘rib chiqildi. Qashqadaryo viloyatida ushbu sohaning o‘zida qo‘shimcha 200 ming kishini daromadli qilish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Shu maqsadda Jahon banki bilan hamkorlikda Misr tajribasi asosida sakkizta tumandagi 100 ming gektar yaylovga dronlar yordamida qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli chorva ozuqasi ekish boshlanadi.
Tashrif davomida hududda tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimizning mehnati ham e’tirof etildi. Jumladan, “Sultonteks” klasteri rahbari Nurbek Ergashevga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini berish to‘g‘risidagi farmon imzolangani ma’lum qilindi.
Shuningdek, Qamashi tumanidagi Chim mahallasida sulolaviy limonchilik maktabini yaratib, aholi daromadlarini oshirishga hissa qo‘shayotgan Abdumannop Xudoyberdiyevga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni berilishi bildirildi.
Mazkur loyihalar va belgilangan vazifalar Qashqadaryo viloyatida aholi bandligini kengaytirish, yangi daromad manbalarini shakllantirish hamda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirishga qaratilgan.





