O‘zbekiston MDH Maslahat kengashidagi raisligini yakunladi
2026-10-15 18:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Boku shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha Maslahat kengashining 39-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jurayev mamlakatimizning Kengashdagi raisligi yakunlari hamda 38-yig‘ilish qarorlari ijrosi yuzasidan ma’ruza qildi.
Ma’ruzada umumiy mehnat bozorini rivojlantirish, mehnatni me’yorlash sohasida raqamli transformatsiya, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va reabilitatsiya xizmatlarini takomillashtirish borasidagi ishlar ta’kidlandi.
Ma’ruza yakunida O‘zbekiston Maslahat kengashidagi raislikni Ozarbayjonga topshirdi hamda hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev nomidan Marat Jurayevga O‘zbekistonning raisligi davrida mehnat va ijtimoiy himoya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Faxriy yorliq topshirildi.



