Yashil iqtisodiyot uchun yangi kasbiy standartlar
2026-09-30 19:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Samarqandda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda GIZ PROGRESS hamkorligida O‘zbekiston va Tojikiston mutaxassislari ishtirokida elektromobillar sohasi bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi.
Loyiha doirasida elektromobillarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kasbiy standartlar ishlab chiqish, mutaxassislar malakasini baholash tizimini shakllantirish rejalashtirilgan.
Dastlab ushbu yondashuv Samarqanddagi Malakani baholash markazida pilot tarzda sinovdan o‘tkaziladi.
Hozirgi bosqich tajriba-sinov xarakteriga ega bo‘lib, uning natijalari asosida standartlarni takomillashtirish va keyingi bosqichlarda kengroq qo‘llash imkoniyatlari baholanadi.
Amaliy jihatdan bu elektromobillar va “yashil” texnologiyalar bo‘yicha zamonaviy malakaga ega kadrlarni tayyorlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini yagona mezon asosida baholash hamda tayyorlanayotgan mutaxassislarni real mehnat bozori talablariga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Samarqanddagi Malakani baholash markazi hamda Jizzaxdagi BYD zavodi faoliyati bilan ham tanishishdi.
