JAHON BANKI TAQDIMOTI XORAZMDA DAVOM ETMOQDA
2026-09-24 15:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Jahon bankining “O‘zbekistonda kambag‘allik va tenglikni baholash: Farovonlikka erishish va barcha uchun imkoniyatlarni kengaytirish sari” nomli hisoboti taqdimoti bugun Xorazm viloyatida davom ettirilmoqda.
Tadbirda Jahon banki ekspertlari, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari, mahalla tizimi, xususiy sektor va hududiy OAVlar ishtirokida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro tadqiqot xulosalari, hududlarda amalga oshirilayotgan amaliy ishlar bilan uyg‘un holda muhokama qilinmoqda.
Xususan, Xorazm viloyatida aholi bandligini ta’minlash, oilalarni barqaror daromad manbalariga olib chiqish, “Ijtimoiy reyestr”dagi oilalar bilan manzilli ishlash hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hududiy tajribaga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, muloqot davomida Jahon banki tadqiqotining asosiy natijalari, mavjud chaqiriqlar va kelgusida kambag‘allikni yanada qisqartirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashilmoqda.
Tadbirning ikkinchi qismida xalqaro ekspertlar ishtirokida hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar va aholining daromadini oshirishga qaratilgan amaliy tajribalar bilan yaqindan tanishish rejalashtirilgan.
