Ayollar bandligi bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda
2026-09-25 13:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva BMT Ayollar tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Belen Sanz Luque bilan uchrashdi.
Muloqot davomida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish, mehnat huquqlarini himoya qilish hamda gender tengligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Belen Sanz Luque vazirlik tomonidan ushbu yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlarni ijobiy baholadi. Shuningdek, uchrashuv doirasida Global Accelerator (GA) tashabbusi doirasidagi “O‘zbekistonda rasmiy bandlikka adolatli o‘tish uchun munosib ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoyani jadallashtirish” loyihasi doirasida tayyorlangan “O‘zbekistonda uy-ro‘zg‘or va parvarish ishlarini rasmiylashtirish” hisoboti taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ularning mehnat huquqlarini himoya qilish hamda inklyuziv mehnat bozorini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.



