MEHNAT XAVFSIZLIGIDA YANGI DAVR
2026-08-28 16:15:00 / Vazirlik yangiliklari

U oldimizga qanday talablarni qo‘yadi?
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida mamlakatimiz taraqqiyotining muhim natijalarini sarhisob qilar ekanmiz, inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, eng muhimi, hayoti va sog‘lig‘ini asrash masalalari alohida ahamiyat kasb etadi.
Ishlab chiqarish jarayonlarining murakkablashuvi, texnologik xavflarning ortishi, yangi mehnat shakllarining paydo bo‘lishi hamda xalqaro mehnat standartlariga moslashish zarurati sohada tubdan takomillashtirishni taqozo etadi.
Mehnatni muhofaza qilish — insonning xavfsiz mehnat qilish huquqini amalda ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining muhim yo‘nalishidir. Uning samaradorligi esa, eng avvalo, har bir tashkilotda xodim uchun xavfsiz mehnat muhiti yaratilgani bilan belgilanadi.
2025–2026-yillar O‘zbekistonda mehnatni muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqayotgan davr bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu jarayonning muhim jihati — sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar Prezidentimiz tashabbuslari bilan bevosita bog‘liq.
Sohaning yangi huquqiy poydevori
2025–2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 454, 637, 706 va 819-son qarorlari mehnatni muhofaza qilish sohasining turli bo‘g‘inlarini takomillashtirishga qaratilgan muhim huquqiy asoslarni shakllantirildi.
Mazkur hujjatlar ichida 2025-yil 24-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Mehnatni muhofaza qilish sohasiga oid ayrim nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 819-son qarori alohida o‘rin tutadi. Chunki aynan ushbu qaror tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish ishlarini hamda mehnatni muhofaza qilish xizmati faoliyatini tashkil etishning yagona tartibini belgilab berdi.
Xodimlarni yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish va o‘qitish, bilimlarini tekshirish, malakasini oshirish, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish, xodimlar vakillari faoliyatini tashkil etish kabi muhim jarayonlar yagona tizimga keltirildi.
Shuningdek, 2025-yil 21-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi 454-son qarori — mehnatni muhofaza qilishni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini belgilasa, 819-son qaror ushbu tizimni tashkilotlar darajasida amaliyotga joriy etishning asosiy poydevorini yaratdi.
Natijada mehnatni muhofaza qilish alohida tadbirlar yoki hujjatlar yig‘indisi emas, tashkilot boshqaruvining uzviy qismi sifatida qaraladigan tizimga aylanmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi — yangi vazifalar va yangi mas’uliyat
Bugungi islohotlarning yana bir muhim jihati — mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha dolzarb masalalarning davlat siyosati darajasiga olib chiqilayotganidir.
Davlatimiz rahbari tomonidan mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish tizimini ilg‘or xalqaro tajriba asosida takomillashtirish yuzasidan berilgan topshiriqlar asosida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur loyiha baxtsiz hodisalar haqida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish, yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash, tekshiruvlarning xolisligi va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ushbu vazifa davlat dasturiga kiritildi.
Mehnatni muhofaza qilish masalalari endilikda faqat tegishli idoralar yoki mutaxassislarning vazifasi emas, balki davlat siyosatining aniq va nazorat qilinadigan yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Endi asosiy e’tibor bevosita hodisaga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni oldindan aniqlash va boshqarishga qaratilmoqda.
Mehnatni muhofaza qilish — davlat kun tartibidagi masala
2026-yil davlat dasturida 28-aprel — Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan respublika bo‘ylab “Mehnatni muhofaza qilish” haftaligi hamda uning doirasida xalqaro konferensiya o‘tkazish vazifalarining belgilanishi sohadagi davlat e’tiborining yangi darajasini namoyon etdi.
Avval ham mehnatni muhofaza qilishga bag‘ishlangan xalqaro va respublika miqyosidagi konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlar o‘tkazilgan. Biroq ushbu yo‘nalishning davlat dasturlari va Vazirlar Mahkamasi farmoyishlari asosida respublika miqyosida tizimli tashkil etilishi muhim institutsional qadam bo‘ldi.
Bu orqali xalqaro tajribani o‘rganish, ilg‘or amaliyotlarni ommalashtirish, ish beruvchilar va mutaxassislarning mas’uliyatini oshirish hamda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha dolzarb masalalarni keng professional muhokamaga olib chiqish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi.
Mehnat xafvsizligi qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda
2025–2026-yillarda mehnatni muhofaza qilishga oid 150 dan ortiq qoida
va me’yorlarga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu raqam sohaning normativ-huquqiy bazasi zamonaviy talablar asosida faol ravishda takomillashtirilayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, xalqaro standartlarni milliy amaliyotga joriy etish yo‘nalishida O‘zMSt ISO 45002:2025 va O‘zMSt ISO 45003:2025 milliy standartlarining qabul qilinishi muhim qadam bo‘ldi.
Ayniqsa, ISO 45003 orqali ish joyidagi psixosotsial xavflarga e’tiborning kuchayishi mehnatni muhofaza qilishning zamonaviy mazmunini yanada kengaytirmoqda. Xavfsiz mehnat muhiti endilikda nafaqat jismoniy xavflardan himoyalanish, balki xodim uchun sog‘lom va barqaror ish muhitini shakllantirishni ham anglatadi.
Keyingi qadam — raqamlashtirish
Mehnat sharoitlarini baholash va davlat ekspertizasidan o‘tkazish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ham islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Unda attestatsiya va davlat ekspertizasi tartiblarini yagona huquqiy hujjatda birlashtirish, jarayonlarni maxsus raqamli dastur orqali amalga oshirish, hujjatlarni elektron shaklga o‘tkazish, yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish hamda davlat xizmatlarini raqamli shaklda ko‘rsatish nazarda tutilmoqda.
Asosiy maqsad — xolislik va shaffoflikni ta’minlash, inson omilidan kelib chiqadigan xavflarni kamaytirish va mehnat sharoitlariga beriladigan bahoni aniq ma’lumotlarga asoslashdir.
Yangi bosqichning asosiy mezoni
2025–2026-yillardagi o‘zgarishlarga umumiy nazar tashlaganda, bitta muhim xulosaga kelish mumkin.
Biz faqat yangi qoidalarni qabul qilayotganimiz yo‘q. Mehnatni muhofaza qilishga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartirmoqdamiz.
Shu ma’noda, 454 va 819-son qarorlar bilan shakllantirilayotgan boshqaruv tizimi, baxtsiz hodisalarni tekshirish mexanizmlarining takomillashtirilishi, 150 dan ortiq normativ o‘zgarish, xalqaro standartlarning joriy etilishi, davlat dasturlariga soha masalalarining kiritilishi va raqamlashtirish jarayonlari yagona maqsadga — xavfsiz mehnat muhitini ta’minlashga xizmat qiladi.
Oldimizdagi asosiy vazifa — qabul qilingan hujjatlar talablarini har bir tashkilotda amaliyotga to‘liq joriy etish, ularni kundalik faoliyatga singdirish
va yuksak mehnat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishdir.
Har bir ish beruvchi mehnatni muhofaza qilishni xarajat emas, barqaror rivojlanishning zarur sharti sifatida qabul qilishi, har bir mutaxassis xavflarni boshqarishga qodir professional bo‘lishi, har bir xodim esa xavfsiz mehnat qilish huquqini anglashi zarur.
Mustaqillikning 35 yilligi biz uchun nafaqat bosib o‘tilgan yo‘lni sarhisob qilish, balki oldimizdagi mas’uliyatni belgilash uchun ham muhim davrdir.
Shukurullo Mavlyanov,
Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bosh davlat texnik inspektori
