O‘zbekiston tajribasi xalqaro maydonda: Euronews kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish islohotlarini yoritdi
2026-07-15 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Nufuzli Euronews xalqaro axborot platformasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun Kontent tayyorlash markazi hamkorligida tayyorlangan "From greenhouses to family businesses, entrepreneurship reshapes rural livelihoods" (“Issiqxonalardan oilaviy bizneslargacha: tadbirkorlik qishloq aholisi turmushini o‘zgartirmoqda”) nomli maxsus reportaj e’lon qilindi.
Materialda O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta'minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda ularning amaliy natijalari yoritilgan. Xususan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan manzilli qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, imtiyozli moliyalashtirish dasturlari, kasb-hunarga o‘qitish tizimi hamda mahallabay ishlash modeli misollar asosida tahlil qilingan.
Reportajda Farg‘ona, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar misolida davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani, oilalarning barqaror daromad manbalariga ega bo‘layotgani hamda mahallalarda tadbirkorlik faolligi ortib borayotgani yoritilgan.
Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturining mazmun-mohiyati, mahalla tizimi orqali amalga oshirilayotgan manzilli yondashuv hamda aholini o‘zini o‘zi band qilish va oilaviy biznesni rivojlantirishga qaratilgan mexanizmlar haqida batafsil ma'lumot berilgan.
Materialda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Axborot xizmati rahbari Gulnoza Alimova tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari yuzasidan quyidagi ma'lumotlar keltirilgan:
- 2025-yilda 760 mingdan ortiq oila uchun individual rivojlanish rejalari ishlab chiqilgan;
- 523 mingdan ortiq kam ta'minlangan xonadon bandlik, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish dasturlari bilan qamrab olingan;
- Kichik biznes va mikroloyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2,2 trillion so‘mdan ortiq imtiyozli kredit hamda 265 milliard so‘m subsidiya ajratilgan;
- So‘nggi sakkiz yil davomida 700 mingdan ortiq fuqaro o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
Shuningdek, maqolada O‘zbekistonda mahallalar faoliyatini raqamlashtirish, “Online Mahalla” platformasi orqali kambag‘allikni qisqartirish va bandlik dasturlarini monitoring qilish, infratuzilmani rivojlantirish hamda aholini tadbirkorlikka jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham alohida e'tirof etilgan.
Mazkur reportaj O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta'minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi tajribasi xalqaro axborot maydonida tobora keng e'tirof etilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
