Platformalardagi mehnat: kim ish beruvchi va kim javobgar?
2026-07-09 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Bu mavzu bugungi kunda mehnat huquqi va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi eng dolzarb masalalardan biridir. Ayniqsa, Yandex Go, Uklon, MyTaxi, Express24, Uzum Tezkor, Wolt, Yango Delivery, Uber, Bolt, Glovo kabi platformalar orqali ishlayotgan millionlab shaxslarning huquqiy maqomi dunyoning deyarli barcha davlatlarida muhokama qilinmoqda.
2026-yil iyun oyida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan platforma iqtisodiyoti uchun tarixdagi ilk xalqaro standart, 193-son Konvensiya qabul qilindi. Mazkur Konvensiya platforma xodimlarining mehnatni muhofaza qilish, ijtimoiy himoya va mehnat huquqlarini ta’minlash bo‘yicha yangi xalqaro mezonlarni belgilab berdi.
Platforma xodimi kim?
Platforma xodimi – mobil ilova yoki raqamli platforma orqali xizmat ko‘rsatadigan shaxs. Masalan: taksi haydovchilari, oziq-ovqat yetkazib beruvchilar, kuryerlar, freelancerlar, uy xizmatlari ko‘rsatuvchilari, onlayn topshiriqlar bajaruvchilar.
Ularning asosiy xususiyati, ishni ilova orqali oladi, ish vaqti platforma algoritmi bilan boshqariladi, reyting tizimi mavjud, daromadi buyurtmalar soniga bog‘liq va ko‘p hollarda mehnat shartnomasi tuzilmaydi.
Aynan shu sababli ularning huquqiy maqomi ko‘plab davlatlarda bahsli hisoblanadi.
Asosiy muammo nimada?
Platformalar odatda “biz ish beruvchi emasmiz, faqat vositachimiz” degan pozitsiyani egallaydi. Natijada, mehnat shartnomasi tuzilmaydi, mehnatni muhofaza qilish talablari tatbiq etilmaydi, mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisa sifatida rasmiylashtirilmaydi, kasb kasalligi hisobga olinmaydi, sug‘urta tizimi mavjud emas hamda kasaba uyushmasiga qo‘shilish murakkab. Bu esa xodimni deyarli himoyasiz qoldiradi.
Platforma ishchilari uchun asosiy xavflar
Yetkazib beruvchilar uchun – yo‘l transport hodisalari, noqulay ob-havo sharoitlari, issiq yoki sovuq urishi, yiqilish, og‘ir yuk ko‘tarish, zo‘ravonlik va ortiqcha ish vaqtlari.
Taksi haydovchilari – yo‘l transport hodisalari, charchoq, uyqusizlik, mijozlar tajovuzi, talonchilik, stress, uzoq vaqt o‘tirish, bel va bo‘yin kasalliklari.
Platforma ishchilari bilan baxtsiz hodisa sodir bo‘lsa kim javobgar?
Platformalarda ishlovchi shaxs bilan baxtsiz hodisa sodir bo‘lganda javobgarlikni aniqlash bugungi kunda mehnat xavfsizligi sohasidagi eng murakkab masalalardan biridir. Bunga asosiy sabab, ko‘plab platformalar o‘zlarini ish beruvchi emas, balki faqat raqamli vositachi sifatida ko‘rsatishi, xizmat ko‘rsatuvchilar esa mustaqil ijrochi yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyat yuritishidir.
Natijada, yo‘l-transport hodisasi, jarohatlanish yoki xizmat vazifasini bajarish chog‘ida sog‘liqqa zarar yetganda, javobgarlikni aniqlash murakkablashadi.
Xorijiy tajriba qanday?
Yevropa Ittifoqida 2024-yilda mazkur yo‘nalishda alohida hujjat (Directive (EU) 2024/2831) qabul qilingan. Unga ko‘ra, platforma nazorat qilayotgan bo‘lsa xodim deb tan olish, algoritm ustidan inson nazorati, sun‘iy intellekt qarorlarini tushuntirish majburiyati, mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish, shaffof reyting yuritish va noqonuniy bloklashdan himoya qilish platforma majburiyatlari sifatida belgilanadi.
Ispaniyada kuryerlar xodim deb e‘tirof etiladi, mehnat shartnomasi tuziladi, ishchilar sug‘urta qilinadi va mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish majburiy hisoblanadi.
Buyuk Britaniyada sud qarorlari asosida ayrim platforma haydovchilari minimal ish haqi, dam olish vaqtlari, ta‘til va pensiya olish huquqlariga ega bo‘ladi.
Fransiyada platformalar kasbiy sug‘urta qilish, baxtsiz hodisadan himoyalash, kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlarga ega.
Italiyada kuryerlar uchun shaxsiy himoya vositalarini berish, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish hamda hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urta qilish majburiy hisoblanadi.
Xalqaro mehnat tashkiloti talablari qanday?
2026-yilda qabul qilingan yangi Konvensiyasiga ko‘ra platforma xodimlari mehnatni muhofaza qilish, xavfsiz mehnat sharoitlari, zo‘ravonlikdan himoyalanish, ijtimoiy sug‘urta, adolatli haq to‘lash, algoritmlarning shaffofligi, sun’iy intellekt qarorlari ustidan shikoyat qilish, kasaba uyushmalariga birlashish va mehnat maqomini to‘g‘ri aniqlash kafolatlariga ega bo‘lishi kerak:
Bu borada O‘zbekistondagi holat qanday?
Bugungi kunda O‘zbekistonda platforma xodimlarining alohida huquqiy maqomi belgilanmagan, platforma iqtisodiyotiga oid maxsus qonun mavjud emas, ular ko‘pincha fuqarolik-huquqiy shartnomalar yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyat yuritadi, amaldagi mehnatni muhofaza qilish normalari platforma xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, baxtsiz hodisalarni tekshirish tartibi aniq emas, platforma ish beruvchimi yoki vositachimi – huquqiy mezon yo‘q, yetkazib beruvchilar uchun majburiy shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash majburiyati mavjud emas, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha muntazam o‘qitish tizimi yo‘q, ish va dam olish vaqtini nazorat qilish mexanizmi mavjud emas, algoritmik boshqaruvning shaffofligi ta’minlanmagan hamda ijtimoiy sug‘urta va baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash bo‘yicha alohida mexanizm shakllanmagan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining 155 va 187-sonli mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid asosiy Konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan bo‘lib, bu xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlarini takomillashtirish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni yanada kuchaytiradi.
Bu borada O‘zbekistonga qanday islohotlar zarur?
1. Platforma xodimining huquqiy maqomini qonun bilan belgilash.
2. Platformalarni mehnatni muhofaza qilish subyekti sifatida e’tirof etish.
3. Platforma xodimlari uchun majburiy baxtsiz hodisalardan sug‘urtani joriy etish.
4. Har bir platformada kasbiy xavflarni baholash tizimini yaratish.
5. Yetkazib beruvchilarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash tizimini joriy etish
6. Yo‘l harakati xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha majburiy o‘quvlarni joriy etish.
7. Algoritmik boshqaruvning shaffofligi va inson nazoratini qonunchilikda mustahkamlash.
8. Platforma xodimlari bilan sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobiga olishni joriy etish.
9. Mehnat kodeksi hamda Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunga platforma iqtisodiyotiga oid maxsus normalarni kiritish.
10. XMTning 2026-yilgi Platforma iqtisodiyotida munosib mehnat to‘g‘risidagi Konvensiyasi qoidalarini milliy qonunchilikka bosqichma-bosqich implementatsiya qilish.
Xulosa
Platforma iqtisodiyoti zamonaviy mehnat bozorining ajralmas qismiga aylandi. Biroq ishni mobil ilova orqali tashkil etish ish beruvchini mehnatni muhofaza qilish, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish va xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash majburiyatidan ozod etmasligi kerak.
Xalqaro amaliyot tobora shuni ko‘rsatmoqdaki, platforma xodimlari bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar faqat shartnoma nomiga emas, balki amaldagi nazorat, boshqaruv va iqtisodiy qaramlikning haqiqiy mazmuniga qarab baholanishi lozim.
Shu sababli, O‘zbekiston uchun ham platforma iqtisodiyotini tartibga soluvchi alohida huquqiy mexanizmlarni yaratish, mehnatni muhofaza qilish kafolatlarini kengaytirish va platforma xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Tayyorladi: Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasining Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha inspektori Begmatov Begzod Abduvaxobovich.
